Economist Intelligence Unit tahliliy kompaniyasi dunyoda yashash narxiga oid yangi yillik tadqiqotni taqdim etdi. U 172 shahardagi 200 ta mahsulot va xizmatlar narxlarini taqqoslash orqali aniqlangan.

Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, o‘tgan yili reytingga 173 shahar kiritilgan, biroq 2022 yilda Ukrainadagi urush tufayli Kiyevni chiqarib tashlashga to‘g‘ri kelgan.

Toshkent dunyoning eng qimmat shaharlari orasida 168-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili u 171-o‘rinni band etgandi.

Tadqiqotchilarning fikricha, eng arzon hayotni Damashq, Tripoli, Tehron, Tunis va Toshkent shaharlarida kechirsa bo‘ladi. Hisobotda qayd etilishicha, bu ushbu shaharlar joylashgan mamlakatlarning zaif iqtisodiyoti va valyutalarini aks ettiradi.

Birinchi o‘rinni 100% indeks bilan Singapur va ilk bora Nyu-York shaharlari egalladi. O‘tgan yilgi yetakchi Tel-Aviv uchinchi o‘ringa tushdi.

Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari reytingda 88 va 70 ta pog‘onaga ko‘tarilib, mos ravishda 37 va 73-o‘rinlarni egalladi. Hisobot mualliflari G‘arb sanksiyalari narxlar oshishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyoning yirik shaharlarida o‘rtacha yashash narxi o‘tgan yil davomida mahalliy valyutada 8,1 foizga oshgan.

Reytingning shakllanishiga Ukrainadagi urush va koronavirus pandemiyasi ta’sir ko‘rsatdi. Ularning fonida benzin narxi keskin — 22 foizga ko‘tarildi, shuningdek, gaz va elektr energiyasi narxi ham o‘rtacha 29 foizga oshgan. Bundan tashqari, hisobot mualliflari omillar sifatida oziq-ovqat va uy-ro‘zg‘or buyumlari narxining oshishini ham kiritgan.