Kompromatuzb Telegram kanalida «Qashqadaryoda 3 kunlik firma jami 2 601 000 000 so‘mlik issiqxonalar o‘rnatishni yutib oldi» sarlavhasi ostidagi xabar e’lon qilindi. Unda aytilishicha, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan etender.uzex.uz maxsus elektron portali orqali Yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish to‘g‘risidagi 3 noyabrda yakunlanadigan 12 ta lotni 1 noyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan NXS CTROY BAD METALL yutib olgan. Bundan tashqari, tanlov protokollaridagi korxona tomonidan issiqxona qurish bo‘yicha bajarilgan oxirgi ishlarga shubhali tarzda yuqori ballar qo‘yilgan.

NXS CTROY BAD METALL 2022 yil 1 noyabrda — savdolar tugashidan uch kun, komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishidan bir hafta oldin ro‘yxatga olingan. MCHJ Turar-joy binolari qurilishiga ixtisoslashgan bo‘lib, asoschisi Nilufar Sunatillo qizi Turobova.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Takidlanishicha, o‘rganishlar davomida buyurtmachi tomonidan savdolarning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish va savdolarning bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish orqali qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilganlik alomatlari aniqlangan.

«Xususan, „NXS CTROY BAD METAL“ MCHJ va „TURNOVERPRICE“ MCHJ tomonidan kerakli hujjatlar (issiqxona qurish bo‘yicha ish tajribasi, qurilishda ishlatiladigan materiallar ro‘yxati) taqdim qilinmagan bo‘lsada ularga asossiz yuqori ballar berilganligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda xarid komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lmagan holda qonunchilikka zid ravishda qaror qabul qilingan», — deyilgan qo‘mita xabarida.

Yuqoridagilarga asosan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022 yil 10 noyabrda ish qo‘zg‘atilib, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilgan deb topilgan va tanlov savdolarining qarorlarini bekor qilish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tanlov o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Bugungi kunda qarorlar bekor qilingan va qayta tanlov o‘tkaziladi.

Shu bilan birgalikda, qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilayotganligi ma’lum qilingan.