Qo‘shma Shtatlar Buxoroda iyul oyida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealar bilan bog‘liq harakatlarda ayblanayotgan 22 nafar shaxs ustidan boshlangan sud jarayonlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bu haqdagi bayonotni e’lon qildi.

«Biz hukumatni jamoatchilikka ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish hamda kuch ishlatar idoralar xodimlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzgan bo‘lsa, ularni ham javobgarlikka tortishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

Diplomatik missiyasi AQSh nomidan, shuningdek, ombudsmen boshchilik qilayotgan tergov komissiyasini o‘z xulosalarini imkon qadar tezroq e’lon qilishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh iyulning dastlabki kunlarida Nukusda sodir bo‘lgan fojiali hodisalar yuzasidan munosabat bildirgan edi. Davlat departamenti spikeri Ned Prays o‘shanda AQSh O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, hukumatni fundamental insoniy huquqlarni, jumladan tinch yig‘ilish va fikr bildirish erkinligini himoya qilishga chaqirgan edi.

«Biz rasmiylarni zo‘ravonliklar bo‘yicha xalqaro me’yor va ilg‘or tajribalarga mos keladigan to‘liq, ishonchli va shaffof tarzda tergov o‘tkazishga chaqiramiz», — deya qayd etgan edi Davlat departamenti vakili.

O‘shanda Yevroittifoq ham «Qoraqalpog‘istondagi hodisalarni ochiq va mustaqil tergov qilishga chaqirgan edi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, prezidentning konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha tezkor munosabatini qayd etgandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘sha kunlarda barcha tadbir ishtirokchilarining harakatlariga adolatli baho berishni topshirgandi. U agar kuch tuzilmalari tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ta’minlanishi aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr, dushanba kuni Buxoro viloyat sudida Nukusdagi iyul voqealari to‘g‘risidagi jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi.