«Toshkent» xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali oldida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib 333 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan to‘liq avtomatlashtirilgan avtoturargoh test rejimida ishga tushirildi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati. Bu inson aralashuvisiz ishlaydigan birinchi avtoturargoh, deya ta’kidladi kompaniya.

Avtoturargoh tizimi avtomobillarga davlat raqamlarini tanib, kirish va chiqish imkonini beradi. Avtoturargoh uchun to‘lovni maxsus parkomat orqali naqd pulda yoki QR-kod yordamida amalga oshirish mumkin. Buni amalga oshirish uchun mashina raqamini terish kerak va avtoturargoh uchun to‘lov miqdori parkomat ekranida paydo bo‘ladi. Agar mashina raqami avtomatik ravishda aniqlanmasa, kirishda avtoturargoh talonini olish va parkomatda to‘lash kerak bo‘ladi.

«Uzbekistan Airports avtoturargohlarini rekonstruksiya qilish doirasida „K2“ kompaniyasidan Yaponiyaning Amano brendi avtoturargoh uskunalari xarid qilindi va o‘rnatildi. To‘liq integratsiyalashgan yechim butun jarayonni — kirish, chiqish va to‘lovni avtomatlashtirish imkonini beradi. Bugungi kunda O‘zbekistonda bunday yechimlar, ayniqsa, to‘lovdan so‘ng mijozga avtomatik ravishda qaytim beradigan yechimlar yo‘q», — dedi IT-departamenti direktori Kirill Lavrik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim test rejimida ishlayotgan vaqtda, avtomobil raqamlarining qo‘shimcha shablonlarini qo‘shish, to‘lov usullarini to‘ldirish bo‘yicha ba’zi texnik nyuanslar yakunlanmoqda, shuningdek, avtomobil haydovchilarini yangi texnologiyalarga o‘rgatish ustida ham ish olib borilmoqda.

Ayni paytda barcha yangi va eski banknotalar, qaytimni olish imkoniyati bilan to‘lovga qabul qilinadi. Shu bilan birga, Payme to‘lov tizimi yordamida QR-kod orqali to‘lovni amalga oshirish mumkin. Yaqin vaqt ichida boshqa to‘lov tizimlari, shuningdek, Visa, Mastercard, Humo va UzCard bank kartalari orqali to‘lovlar amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, mobil ilova bilan avtoturargohning integratsiyalashuvi ham yakunlanmoqda, bu esa avtomobildan chiqmasdan to‘lovni amalga oshirish imkonini beradi.

«Inson omilisiz ishlaydigan avtomatlashtirilgan avtoturargohning ishga tushirilishi nafaqat qulaylik va yangi texnologiyalar, bugungi kunda ularsiz hech qanday soha rivojlana olmaydi, balki korrupsiya va poraxo‘rlikdan xalos bo‘lish imkonini beruvchi muhim qadamdir. Tizimning ikki kunlik ishlashi natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchilarning 99 foizi avtoturargoh uchun naqd pulda to‘lov amalga oshiradi, bu esa mablag‘larning noqonuniy chiqib ketish imkoniyati kattaligidan dalolat beradi. Avtomatlashtirish korrupsiya faktini butunlay istisno qiladi — terminal bilan „kelishib“ bo‘lmaydi va u daromadlarni yashirmaydi. To‘liq moliyaviy shaffoflik», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Bu avtoturargohlarni avtomatlashtirishga qaratilgan birinchi qadam. Ayni paytda ikkinchi avtoturargohda — kelish terminali oldida ham uskunalarni o‘rnatish va sozlash ishlari olib borilmoqda. Kelgusida poytaxt ayeroportining qolgan avtoturargohlari ham to‘liq avtomatlashtiriladi, deya qayd etdi matbuot xizmati.