Rossiyaning Pskov davlat universitetida o‘qiydigan o‘zbekistonlik talabalar prezident Shavkat Mirziyoyevdan ularning o‘qishini vatanga o‘tkazishni so‘rab videomurojaat yo‘llashdi. Bu haqdagi video universitetning telegram-kanaliga joylandi.

Bir guruh yigitlar Rossiyadagi «notinch vaziyat» ular o‘qiyotgan Pskov shahriga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotganini ta’kidlagan.

«Biz Pskov davlat universitetining talabalarimiz. Ayni damda biz ta’lim olayotgan Rossiya Federatsiyasi hududida urush oqibatida notinch vaziyat ketyapti. Hozirgi kunda Pskov shahriga ham urush o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shaharda ogohlantiruvchi havo sirenalari chalinyapti. Bunga Pskov shahri ham chegarada joylashgan shahar ekani sabab bo‘ldi», — dedi talabalar.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, kundan-kunga jiddiylashib borayotgan nostabil holat talabalar va ularning ota-onalarini havotirga solmoqda.

«Sizga [Shavkat Mirziyoyev]ga murojaat qilar ekanmiz, yuqori saviyada bilim olishimizga yordam bersangiz. Shu sababli, OTMlarga istisno tariqasida ta’lim jarayonlarini davom ettirishga amaliy yordam berishingizni so‘rab qolamiz», — deyiladi videomurojaatda.

Video joylangan xabarda keltirilishicha, shundan so‘ng turli guruhlardagi chet ellik talabalar Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashish uchun taklif qilingan. Ular bilan mamlakatdagi siyosiy vaziyat bo‘yicha suhbatlashilgan. Uchrashuv «Dushmanlik va ksenofobiya bizning yo‘limiz emas» («S nenavistyu i ksenofobiyey nam ne po puti») deya nomlangandi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, endi xorijlik talabalar Pskov davlat universitetida o‘qish istagi haqida ariza yozishlari kerakligi aytilgan.

Avvalroq O‘zbekiston davlat komissiyasi 30 noyabrga qadar Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh: Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini mamlakatdagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat bergandi.