21 noyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasidagi «Do‘stlik» bog‘i yaqinida Vinera Tower korxonasi 6 tup daraxtni ruxsatnomasiz kesgani ma’lum bo‘ldi. Davlat ekologiya qo‘mitasiga bu haqda yarim tunda ma’lumot kelib tushdi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Qo‘mita Ekopartiya faollari, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi, Yakkasaroy tuman hokimligi, tuman prokuraturasi hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan birga holatni o‘rgandi.

27 sentabr kuni tumani ekologiya bo‘limi xodimlari hududda xatlov o‘tkazib, 22 tup ko‘p yillik daraxtlar mavjudligi aniqlangan. Ularni kesmaslik bo‘yicha qurilish tashkilotiga majburiy ko‘rsatma bergandi.

Biroq, kompaniya qurilish qilish maqsadida hududdagi 2 tup qimmatbaho va 4 tup kam qimmatli bo‘lgan jami 6 tup daraxtni tegishli ruxsatnomasiz, qonunchilikka zid ravishda boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishi oqibatida daraxtlar nobud bo‘ldi.

Shuningdek, kompaniya qurilish uchun kotlovan qazilishi natijasida 4 tup daraxtning ildiziga shikast yetkazgani aniqlandi. Hozir hududda 16 tup manzarali daraxtlar qoldi.


Holat bo‘yicha «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining 32, 37-moddalari talabi buzilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga 218 mln 370 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.

Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, qurilish loyihalarini amalga oshirishdan oldin ekologik me’yoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur qurilish obyekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan, deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, Vinera Tower MCHJ avval ham hududdagi 6 tup daraxt noqonuniy ravishda kesgan va o‘simlik dunyosiga 430 mln 515 ming so‘m miqdorida zarar keltirgan.

Buni Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tegishli tartibda rasmiylashtirib, tuman prokuraturasiga taqdim qilgan va yetkazilgan zararni undirish uchun 16 sentabrda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimi chiqarilgan.

Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy e’lon qilindi. Shunga qaramay, daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.