O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va Rosatomning «TVEL» yoqilg‘i kompaniyasi o‘rtasida yadroviy obyektlarni ekspluatatsiyadan chiqarish hamda chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim imzolandi, deb xabar qildi Rosatomning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Hujjat AtomEkspo-2022 xalqaro forumi doirasida institut direktori Ilhom Sadiqov va «TVEL» prezidenti Natalya Nikipelova tomonidan imzolandi.

Shartnomada radioaktiv chiqindilarni oldindan chiqarib olishni tashkil etgan holda binolardan birini, shuningdek, institut hududida joylashgan past aktivli chiqindilarni saqlash omborini foydalanishdan chiqarish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, tomonlar MDH hududida yadroviy merosga barham berish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish niyatida.

«„TVEL“ radioaktiv chiqindilar va foydalanilgan yadro yoqilg‘isini yo‘q qilish, boshqarish bo‘yicha Hamdo‘stlik davlatlarining tayanch tashkilotidir, — deyiladi hisobotda. — O‘z navbatida, Yadro fizikasi instituti nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqaning boshqa mamlakatlari va MDHda ham loyihalarni amalga oshirishda talabga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yadroviy bekend (ta’minot) sohasida ham bir qator kompetensiyalarga ega».

«Toshkent Yadro fizikasi instituti kompleks muhandislik va radiatsiya tadqiqotlari, foydalanishdan chiqarish va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash xavfsizligini tahlil qilish, baholash hamda asoslash sohasida yuqori darajadagi kompetensiyalarga ega. Institutning yadroviy bekend sohasidagi amaliy vazifalari va imkoniyatlari MDH tayanch tashkilotining ish rejalarini shakllantirishda hisobga olinishi bo‘yicha kelishuvga erishildi», — dedi «TVEL» prezidenti Natalya Nikipelova.

Xabarda ta’kidlanganidek, Yadro fizikasi instituti fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkaziladigan VVR-SM tadqiqot reaktori, siklotron, chiziqli tezlatkich, gamma-nurlari qurilmasi va neytron generatori kabilarni o‘z ichiga olgan kuchli ilmiy-texnik infratuzilmaga ega.

Rosatom tomonidan ta’kidlaganidek, «TVEL»ning tayanch tashkilot sifatidagi faoliyati yadroviy obyektlarni ekspluatatsiya va hududlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha loyiha hamda dasturlarni amalga oshirishda, shu jumladan yadroviy materiallarni saqlash inshootlarini qurish va ulardan foydalanishda ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.