Yakshanba kuni Qozog‘istondagi navbatdan tashqari prezident saylovlarida ishtirok etganlar Ostona shahri vaqti bilan soat 22:00 da 69,43 foizni tashkil etdi. Bu haqda mamlakat Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi. Ovoz berish jarayonlarida 11,953 mln saylovchidan 8,299 mln nafari qatnashdi.

Uchastkalarida saylov poytaxt vaqti bilan soat 7:00 da (ayrimlarida esa — 6:00 da) boshlanib, vaqt oralig‘ida 1 soatgacha farq qilgan beshta hududdan tashqari qolgan joylarda jarayon 20:00 da tugadi.

Foto: Qozog‘iston MSK.

Saylovchilarning ishtiroki bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Jetisu viloyatida — 81,42%, eng past ko‘rsatkich esa — mamlakatning eski poytaxti va eng ko‘p aholi yashaydigan Olmaota shahrida bo‘ldi — 28,72% saylovchi ovoz berishga kelishgan. Ostonada esa qatnashish ko‘rsatkichi — 48,6% ni qayd etdi, Chimkentda esa — 59,79%. Boshqa hududlarda esa ushub ko‘rsatkich 67−81% atrofida bo‘ldi.

Foto: Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi.

«Gazeta.uz»ga Qozog‘iston elchixonasi ma’lum qilishicha, diplomatik korpus binosidagi saylov uchastkasida ovoz berishda qatnashish — 96,1% ni tashkil etdi, ro‘yxatga olingan 621 saylovchidan 591 nafari keldi.

Hozir Qozog‘iston hududidan tashqari ayrim saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda. Jumladan, eng so‘nggi bo‘lib, 21 oktabr kuni Ostona vaqti bilan soat 9:00 da San-Fransiskodagi elchixonada tashkil etilgan uchastka yopiladi.

Ayni vaqtda Ostonada bo‘lib turgan «Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorovning ma’lum qilishicha, saylovning dastlabki natijalari dushanba kuni tushga qadar e’lon qilinadi.

Avvalroq Qozog‘istondagi prezident saylovlari qanday o‘zgarishlar bilan o‘tayotgani haqida yozgandik, qolaversa, yakshanba kuni bir qancha saylov uchastkalaridan tayyorlangan fotoreportajni e’lon qilgandik.