O‘zbekiston va AQSh 2021 yil avgustida Afg‘onistondan ushbu mamlakat uchuvchilari tomonidan O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan samolyot va vertolyotlarning kelajagiga doir muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda AQShning Toshkentdagi yangi elchisi Jonatan Xenik payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

sentabr oyida Amerikaning Politico nashri AQSh rasmiylari «chegaralar xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish»ga doir norasmiy kelishuv evaziga o‘z havo kemalarining bir qismini O‘zbekiston va Tojikistonga taqdim etishi mumkinligi haqida yozgandi.

«Birinchidan, shuni qayd etishni istardimki, biz O‘zbekiston bilan chegaralar xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash sohasida allaqachondan beri kuchli hamkormiz. Bizda hozir chegaradagi xavfsizlik xizmati bilan ishlash, ularning noqonuniy aylanma va boshqa bizneslar oldini olish bo‘yicha qobiliyatlarini mustahkamlash bo‘yicha bir necha ishlab turgan dasturlarimiz bor. Ushbu hamkorlik kelgusida yanada chuqurlashishiga umid qilamiz», — dedi Amerika diplomatik missiyasi rahbari.

«Aviatexnikalarning joylashuviga kelsak, bu hukumatlarimiz o‘rtasidagi muhokama mavzusi bo‘lib qolmoqda. Ularni qayerga joylashtirish bo‘yicha qaror hali qabul qilingani yo‘q», — dedi Jonatan Xenik.

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy kampaniya davomida afg‘on hukumatini ko‘plab samolyot va vertolyotlar taqdim etgan. «Tolibon» Kobulni egallagan kunlarda bortida jami 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini noqonuniy kesib o‘tgan edi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati havo kemalari Afg‘onistonning mulki ekanligi va ular qaytarilishi lozimligi haqida bir necha bor bayonot bergan. O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanligini va ularni qaytarib bo‘lmasligini bildirgan.