Rishton tumanida tibbiyot xodimini kaltaklagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar berdi Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 12 noyabr kuni soat 04:00 larda Rishton tumani Oqtomir MFYda yashovchi fuqaro T.T. tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, otasi 1942 yilda tug‘ilgan T.G‘. ning sog‘ligi yomonlashganligini ma’lum qilgan.

Qo‘ng‘iroqqa javoban tez yordam xodimlari T.T. ning yashash xonadoniga borib, bemorga birinchi yordam ko‘rsatib, uning qon bosimi ko‘tarilganligi sababli tuman markaziy shifoxonasiga olib ketayotgan vaqtida bemor T.G‘. vafot etgan.

«Otasining vafot etganligidan g‘azablangan T.T. va uning o‘g‘li G‘.X.lar tez yordam xodimi B.Z. ni urib, unga tan jarohati yetkazishgan», deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Rishton tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida Mirobod tumanida erkak chaqiruvga kelgan «Tez yordam» xodimi va haydovchisini kaltaklagani haqida xabar berilgandi.U o‘sha paytda noadekvat holatda yon-atrofdagilarga tajovuz qilayotgani ma’lum bo‘lgan.