Andijon shahridagi 50-maktab stadioni o‘rnida ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi noqonuniy olib borilmoqda, deya xabar berdi Andijon viloyati prokuraturasi.

22 sentabr kuni Kompromatuzb anonim Telegram-kanali stadion o‘rnidagi maydon ko‘p qavatli uy qurish uchun tadbirkorga berilgani haqida xabar berdi.

6 oktabr kuni viloyat prokuraturasi Xalq ta’limi vazirligi 7200 kvadrat metr maktab hududini shahar hokimligi zaxirasiga o‘tkazishga qarshi bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Andijon viloyatining sobiq hokimi Bahromjon Xaydarovning 2020 yil 2 iyundagi qarori bilan (hokim shu yilning yozida hibsga olingan, hozirda qamoqda) yer maydoni «SXF Andijon City Stroy» MCHJga binolar qurish va 2022 yilning IV choragiga qadar 10 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan ajratilgan. Shundan so‘ng prokuratura hokim qarorining qonuniyligi o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.

12 noyabr kuni «Soyadagi siyosatchilar» Telegram-kanalida sobiq stadion haqida yozilib, qurilish viloyat prokuraturasiga juda yaqin joyda olib borilayotgani, prezident qarorlari e’tiborsiz qolayotganiga ishora qilgan edi.

Viloyat prokuraturasining 13 noyabrdagi bayonotida ta’kidlanishicha, maktab hududining bir qismi 2019 yil 14 avgustdagi qaror bilan Andijon hokimligi zaxirasiga o‘tkazilgan, shundan so‘ng «SXF Andijon City Stroy» 2020 yilda qurilish uchun ajratilgan.

O‘rganish shuni ko‘rsatdiki, hokimning ikkinchi qarori qalbaki bo‘lib, ushbu holat yuzasidan 5 oktabr kuni Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki surishtiruv ishlari Andijon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 2019 yildagi qaror qonunga zid ravishda qabul qilingani aniqlandi. Hokimning mazkur qarorini haqiqiy emas deb topish yuzasidan Andijon tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Andijon sobiq hokimi ishi

sentabr oyi boshida Oliy sud matbuot xizmati jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchilar orasida Andijonning sobiq hokimidan tashqari, sobiq shahar prokurori Qurbonali Asqarov, viloyat boshqarmalarining sobiq rahbarlari, viloyat moliya va xalq ta’limi, shahar moliya hamda xalq ta’limi boshqarmalari va boshqa bir qator mas’ul lavozimlarda ishlagan shaxslar ham borligi haqida xabar bergan edi.

Sudda ko‘rilayotgan ish bo‘yicha jami 44 nafar shaxs ishtirok etmoqda, ulardan 29 nafari erkak va 15 nafari ayol. O‘shanda 34 kishi hibsga olingan, 10 nafari garov evaziga qo‘yib yuborilgan yoki uy qamog‘iga o‘tkazilgan.

Gumonlanuvchilar jami 63 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblanib, 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168 (firibgarlik), 207 (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 209 (rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish), 210 (pora olish), 211 (pora berish) va 243 (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan ayblangan.

Avvalroq 2018 yildan buyon mamlakatda 200 ga yaqin maktab o‘z yerlarining bir qismidan noqonuniy ravishda mahrum bo‘lgani xabar qilingandi. Barcha holatlarning qariyb uchdan bir qismi Andijon viloyatida qayd etilgan bo‘lib, 61 ta maktab o‘z hududining jami 24,8 gektar yerni yo‘qotgan.

Deputat Rasul Kusherbayev sinflar yetishmayotgan bir paytda buni «kelajakka xiyonat» deb atadi. Uning fikricha, maktab yerlarini hokimlar talon-toroj qilgan, ammo «noqonuniy topshiriqni bajargan qo‘rqoq xodimlar» jazolanadi.

2021 yilning may oyida Andijonda yerlarning noqonuniy o‘zlashtirilishiga qarshi chiqqan mahalliy deputat Shuhratbek Karimov daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan edi.