O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 10 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqdi.

U o‘z nutqini sammit geosiyosiy keskinlik kuchayayotgan bir sharoitda o‘tayotganidan boshladi. «Yangi dunyo tartibi uchun kurashishning yanada ortayotgani mamlakatlarimiz va mintaqamiz barqarorligi, xavfsizligi va uzluksiz taraqqiyoti uchun ko‘plab tahdidlarni paydo qilib, global miqyosda chuqur tafovutlarni keltirib chiqarmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Avvalambor, ochiqlik, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga qat’iy sodiqlik asosida suverenitet, hududiy yaxlitlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga bo‘lgan tahdidlarni yengish uchun ko‘p qirrali munosabatlarimizni mustahkamlash va kengaytirish hamda umumiy imkoniyatlarimizni oshirishimiz zarur», — deya ta’kidladi O‘zbekiston TIV rahbari.

Vladimir Norov mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi Tashkilotga a’zo davlatlarning 970 mlrd AQSh dollardan ortiq umumiy tovar aylanmasi hajmining 3 foizidan kamrog‘ini (21 mlrd dollar) tashkil etadi.
Bu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish uchun:

  • savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi tarif va notarif cheklovlarni hamda boshqa to‘siqlarni izchil qisqartirish, savdoga innovatsiyalar va raqamli yechimlarni faol joriy etish;
  • investitsiyaviy, moliyaviy va infratuzilmaviy hamkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash va ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni rag‘batlantirish lozim.

O‘zbekiston TIV rahbari tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiy hamkorlik vazirlari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha savdoni osonlashtirish Strategiyasi tasdiqlanganini eslatib o‘tdi.

Vladimir Norov ertaga bo‘lib o‘tadigan sammit doirasida transport hamkorligi sohasidagi juda muhim hujjat — transport sohasidagi bog‘liqlik Dasturi imzolanishini ma’lum qildi.

«Yevroosiyoda shakllanayotgan yangi geoiqtisodiy holat biz uchun Yevroosiyoning strategik yo‘laklarini bog‘lovchi mintaqamizni jahon ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjiridagi qudratli transport-logistika bo‘g‘iniga aylantirish uchun juda qulay istiqbollarni ochmoqda», — dedi TIV rahbari.

«Bosh maqsad — bizning quruqlik va dengiz portlarimizni jahon bozorlari bilan mustahkam bog‘laydigan yagona transport makonini shakllantirishdan iboratdir. Birgalikda Transkaspiy «O‘rta yo‘lagi»ni kelajakda Tashkilot davlatlarining yagona transport tizimiga integratsiyalashuvi uchun platformaga aylantirishimiz mumkin», — deya qayd etdi Vladimir Norov.

Yuk tashish imkoniyatini oshirish, muddati va tannarxini kamaytirish, ushbu yo‘nalishning transport-logistika tizimini raqamlashtirish, shuningdek, bojxona va transport qonunchiligini uyg‘unlashtirish va sinxronlashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish mamlakatlarni ushbu strategik maqsadga yanada yaqinlashtiradi, deya qo‘shimcha qildi u.

Vladimir Norov o‘z nutqida Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. «Biz Afg‘oniston Muvaqqat hukumatiga nisbatan umumiy va yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz lozim», — deya ta’kidladi Vladimir Norov. U O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga faol yordam ko‘rsatishi zarurligi borasida qat’iy va prinsipial pozitsiyaga sodiq ekanini qayd etdi.