2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. U sohalar bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga solishni nazarda tutadi.

Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 9 noyabrdagi tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan. Avvalroq ushbu farmon bilan tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish chegaralari o‘rnatilgani haqida yozgan edik.

2023 yil 1 yanvardan maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlik subyektlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:

  • yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, aprobatsiya qilish va joriy qilish yo‘nalishlaridagi faoliyatini cheklangan vaqt, hudud va shaxslar doirasida maxsus tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslik;
  • litsenziyasiz va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tmasdan faoliyatni amalga oshirish, bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno.

Maxsus huquqiy rejim tegishli vakolatli organ va tashabbuskor o‘rtasida har bir loyiha bo‘yicha alohida tuziladigan kelishuvga asosan joriy etiladi. Bunda:

  • kelishuvda loyihani amalga oshirishning talab va shartlari, shu jumladan, muddati, hududi va shaxslar doirasi, tashabbuskorga tatbiq etilmaydigan qonunchilik normalari ro‘yxati hamda loyiha natijalarini baholash mezonlari (indikatorlari) belgilanadi;
  • har bir loyiha bo‘yicha Maxsus huquqiy rejimning amal qilish muddati ko‘pi bilan uch yilni tashkil etadi.

Maxsus huquqiy rejim yakunlari bo‘yicha tegishli vakolatli organ tomonidan bir oy muddatda:

  • sinovdan o‘tkazilgan mahsulot va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil o‘tkaziladi;
  • mahsulot va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

2025 yil 1 yanvarga qadar Maxsus huquqiy rejim joriy etilgan loyihalar tahlili natijalari bo‘yicha «Maxsus huquqiy rejim to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim.