O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Abidov aprel oyida «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida 1 noyabrga qadar poytaxtning 11 ta ko‘chasida pulli to‘xtash joylarini joriy etish bo‘yicha dastlabki loyiha ishga tushirilishini ma’lum qilgan edi (bu bo‘yicha prezident qarori ham chiqqan). Biroq shahar hokimi tomonidan bu haqdagi qaror hali ham qabul qilingani yo‘q.

Shahar ko‘chalaridagi betartib to‘xtash joylari bilan bog‘liq vaziyatni tartibga keltirish rejalari haqida 2018 yildan beri gapiriladi. Shunga qaramay, poytaxtda yo‘l yoqasidagi pulli to‘xtash joylari hanuz tashkil etilgani emas.

«Gazeta.uz» avvalroq dunyoning turli shaharlarida pulli to‘xtash joylari amaliyotga qanday tatbiq etilgani haqida ma’lumot bergandi. Haydovchilarning bu tashabbusga qarshi noroziliklari faqat O‘zbekistongagina xos emas. Pulli to‘xtash joylarini joriy etayotgan barcha shaharlar shunday qarshilikka duch keladi. Ammo ushbu chora tez vaqt ichida sezilarli iqtisodiy va ekologik samara keltiradi.

Rossiyadagi SIMETRA kompaniyasining jamoat transporti sohasidagi yechimlar bo‘yicha direktori Vladimir Valdin «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda oqilona foydalanish zarur bo‘lgan makonning cheklanganligi barcha megapolislarning asosiy muammolaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Shahardagi eng qimmat resurs, bu — yer, makon. Shu sababli shahar ma’muriyatining vazifasi — undan samarali foydalanishdir. Mashina bir joyda tursa, bu o‘ta samarasiz bir jarayon, chunki mashina yurgan vaqti transportga aylanadi, turganida esa joyni egallab turgan befoyda bir temir bo‘lagi, xolos», — deya tushuntirdi mutaxassis.


Vladimir Valdin Samarqand master-planiga bag‘ishlangan o‘tgan yilgi intervyusida ham bepul to‘xtash joylari, ayniqsa shahar markazida, umuman olganda bo‘lmasligi lozimligini qayd etib o‘tgan edi.

«To‘xtash joylari o‘rniga xiyobonlar, qandaydir foydali narsalar qursa bo‘lardi. Bitta to‘xtash joyi — burilishlarni ham hisobga olgan holda kamida 25 kvadrat metr, degani. Ko‘p qavatli uyda yashaydigan odamga esa kamida 16 kvadrat metr zarur. Boz ustiga, har bir mashina kamida ikkita to‘xtash joyi talab qiladi — biri uy oldida bo‘lsa, ikkinchisi ishxonada. Mana shu 50 kvadrat metr shaharning faol aylanmasidan chiqarib tashlangan yerdir».

Ortiqcha shartlarsiz ish bergan va butun dunyoda o‘rnashib keta olgan yagona universal usul, bu — pulli to‘xtash joylaridir. Biroq pulli to‘xtash joylarini joriy etishning o‘zi asosiy maqsad bo‘lib qolmasligi lozim. Rasmiylarning «pulli parkovka barcha muammolarni hal qiladi», degan nuqtai nazari xato. Muammoning yechimiga kompleks ravishda yondashish zarur.

«Hokimlikning vazifasi — odamlarga harakatchanlik (mobillik)ni taqdim etishdir, ammo mobillik avtomobillashganlik degani emas, axir metro va avtobuslar ham bor», — deya ta’kidladi Vladimir Valdin.

Rossiyalik urbanist Arkadiy Gershmanning qo‘shimcha qilishicha, transport yechimlari «qamchi va shirinlik usuli»da ishlaydi. Jamoat transporti aynan «shirinlik» bo‘lishi kerak.

«Agar pulli to‘xtash joylarini joriy etayotgan bo‘lsangiz, u holda shahar bo‘ylab jamoat transportini ham tortishingiz kerak, — dedi Arkadiy Gershman. — Agar siz ko‘chalardan 100 ta avtomobilni yo‘qotayotgan bo‘lsangiz, u holda mana shu 100 haydovchi shaharning turli nuqtalaridan istalgan joyiga bora olish imkoniga ega bo‘lishi lozim. Ana shunda bu «havoga to‘langan soliq»dek ko‘rinmay, yaxshi ish beradi».


Toshkentning turli hududlarida to‘xtash uchun to‘lov bahosi turlicha bo‘lishi kerak, chunki shaharning bir joyida to‘planib qoladigan avtomobillar soni boshqa joyidagidan sezilarli farq qiladi.

«Agar bu maftunkor hudud bo‘lsa, u holda u yerda to‘xtash uchun to‘lov bahosi ham yuqoriroq bo‘lishi lozim, aks holda bu bepul somsa uchun navbatdek bo‘lib qoladi — hech tugamaydi», — deya qo‘shimcha qildi Vladimir Valdin.

Makon ne’mati haqida gapirilarkan, bekatlar kabi muhim jamoat obyektlarini ham yoddan chiqarmaslik lozim.

«To‘xtash joylari hech kimga xalal bermaydigan o‘rinlarda bo‘lishi kerak. Toshkentda bu ayniqsa jamoat transporti bekatlariga taalluqli masala. Shuningdek, o‘ng qatorda chiziqsiz bo‘ladigan to‘xtash joylarini tashkil etishdan ham tiyilish kerak», — dedi Vladimir Valdin.

Jamoatchilikning to‘xtash uchun to‘lov joriy etilganiga qarshi birlamchi noroziligidan tashqari bu tashabbusning yana bir salbiy jihati mavjud. Agar hovlilarga kirish yo‘llari ochiq bo‘lsa, pulli to‘xtash joylarining joriy etilishi mana shu hovlilarning mashinalar bilan to‘lib-toshishiga sabab bo‘ladi. Bunday hollarda hovlilarga kirishni cheklovchi shlagbaumlar o‘rnatilishini nazarda tutuvchi sodiqlik dasturlarini joriy etish kerak.

«Shuningdek, shu yerda yashovchi aholining o‘zi ham to‘xtash uchun to‘lov qabul qilishi mumkin. Bu ham bir vosita, masalan, Boltiqbo‘yida ancha ommalashgan. U yerda siz mashinada birovning hovlisiga kirishingiz mumkin, biroq to‘xtash pulli bo‘ladi va, ehtimol, ko‘chadagidan ham qimmatroq bo‘lishi mumkin», — deya misol keltirdi Arkadiy Gershman.

Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, pulli to‘xtash joylarining joriy etilishi shahar va davlat xizmatlari va idoralarining birgalikdagi faoliyati bilan ta’minlanishi va nazorat qilinishi kerak.

«Tasavvur qiling, masalan, agar ma’lumotlar bazasi bir organda bo‘lsa, u har bir jarimadan uning o‘ziga ma’lum bir summada pul o‘tkazilishini so‘rab yoki o‘z xodimlariga bepul parkovka taqdim etib, butun tizimni ishdan chiqarishi mumkin».


Noto‘g‘ri va o‘ylanmay joriy etilgan pulli to‘xtash tizimi keyinchalik uning bekor qilinishiga va muvaffaqiyatsiz tajriba sifatida unga boshqa murojaat qilinmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Eng asosiysi, mutaxassislarning fikricha, pulli to‘xtash joylarini joriy etishda uni yaxshi axborot kampaniyasi bilan ta’minlash, uning ishga tushirilishini imkon qadar keng va ochiq yoritish zarur. Albatta, uning joriy etilishi bilan bog‘liq noroziliklardan qochib qutilib bo‘lmaydi, ularga faqat chidash kerak.

Urbanistlarning prognozlariga ko‘ra, shahar aholisi pulli to‘xtash joylari joriy etilishining ilk ijobiy natijalarini oradan ikki oy o‘tiboq ko‘ra boshlaydi.