AlterEgo loyihasi navbatdagi sonini Afg‘onistonga bag‘ishladi. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev loyihaga bergan intervyusida mamlakat muvaqqat hukumati o‘z hududida narkomaniya va giyohvand moddalar ishlab chiqarishga qarshi qanday kurashayotgani haqida gapirdi.

«Kobulda deyarli qurib qolgan Kobul daryosi bor. Avvalgi tuzum davrida minglab narkomanlar kuppa-kunduzi mana shu daryoning tubiga tushishardi: adyollarga o‘ralvolib, giyohvand moddalarni iste’mol qilishar, giyohvand moddalar sotishardi. Politsiya, harbiylar — oldingi tuzum davrida hech kim bu borada hech narsa qilmagan. Hozir Kobulda ham, Mozori Sharifda ham, Qandahorda ham bunday ochiq pritonlarni ko‘rmaysiz», — dedi Ismatulla Irgashev.

Foto: Ilya Varlamov. 2021 yil avgust

Maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, toliblar 13 ming nafar narkomanni majburiy davolanish uchun tibbiy muassasalarga yuborgan va hozirda xalqaro hamjamiyatdan giyohvandlarni davolash uchun shifoxona qurishda yordam so‘ramoqda.

«Afg‘oniston Muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy mamlakatda 5 milliondan ortiq giyohvandlar borligini, ulardan bir millionga yaqini ayollar va bolalar ekanligini va bu hal qilinishi kerak bo‘lgan juda jiddiy muammo ekanini ta’kidlab, yordam so‘ramoqda. Avvalgi tuzum davrida men bunga qarshi kurash bo‘yicha hech qanday dastur ko‘rmaganman», — dedi Ismatulla Irgashev.

Boshlovchi Kirill Altmanning ta’kidlashicha, G‘arb OAVlariga ko‘ra, Afg‘onistondan giyohvand moddalar savdosi sezilarli darajada oshgan.

«Hozirda ko‘plab ekin maydonlari „Talibon“ tomonidan yo‘q qilingan, biroq tayyor narkotiklar narkotrafigi haqida gapiradigan bo‘lsak, ular oldindan tayyorlangan deb ham aytishimiz mumkin. Bu zaxiralar, bu hozirgi ishlab chiqarish emas. Bu kichik laboratoriyalardagi fabrikalarda qimmat giyohvandlik moddalarigaqayta ishlanib, tarqatiladigan zaxiralardir. Ha, bu kuzatilmoqda, chunki mamlakat juda og‘ir iqtisodiy ahvolda», — deya ta’kidladi Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil.

Ismatulla Irgashev giyohvand moddalar ishlab chiqarish va sotish Afg‘oniston iqtisodiyotiga katta yordam, degan fikrni tasdiqladi.

«Bir necha yil oldin men G‘arb harbiylari bilan gaplashganman. Men: „Afg‘on dehqonlari afyun, ko‘knori va hokazolarni qayerga ekishini yaxshi bilasiz. Nega bu dalalarni vayron qilmaysiz, yoqib yubormaysizlarmi?“ — deb so‘raganman. Shunda ular menga: „Unda xalq qanday yashaydi?“ — deya javob berishgandi. Ya’ni G‘arb harbiylari menga: „Biz ularni yo‘q qila olmaymiz, chunki u holda xalqni daromad manbai, oilasini ta’minlash manbaidan mahrum qilgan bo‘lamiz“, — deyishgandi».

«Iqtisodiyotda tartibsizliklar hukm surar ekan, gumanitar inqiroz mavjud ekan, Afg‘oniston nafaqat giyohvand moddalar ishlab chiqarish, giyohvand moddalar savdosi manbai, balki, afsuski, radikal, ekstremistik kuchlar va terroristik oqimlar manbai ham bo‘lib qoladi. Nega ISHID Afg‘onistondan haligacha yo‘q qilinmagan? Chunki tom ma’noda arzimagan sariq chaqaga bo‘lsa ham yoshlar islomiy davlat safiga qo‘shilishga tayyor, oilasini pul yoki oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun o‘zlarini oyoq osti qilishga tayyor», — deya ta’kidladi diplomat.

«Shuning uchun prezidentimiz [Shavkat Mirziyoyev] Afg‘onistonni hozirda bu muammolar bilan yolg‘iz qoldirish mumkin emasligiga e’tibor qaratmoqda. Aks holda, bu nafaqat bizga, balki global miqyosda butun mintaqaga [ta’sir qiladi]», — deya qayd etdi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil aprel oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumati ko‘knori va narkotik moddalar ishlab chiqariladigan barcha o‘simliklar yetishtirishni qat’iyan man qilgan edi. Biroq, BMTning Narkotiklar bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi hosil ushbu farmon bilan deyarli qamrab olinmagan. Afg‘on fermerlarining ko‘knori sotishdan olgan daromadi 2021 yildagi 425 mln dollardan 2022 yilda 1,4 mlrd dollarga ko‘tarilgan. BMTTD ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda yig‘ib olingan ko‘knori hosilidan 350−380 tonna geroin ishlab chiqarish mumkin.