O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov 3 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Xalqaro iqtisodiy forumda inflyatsiyaga qarshi kurashish va moliyaviy (fiskal) intizomni saqlash uchun davlat xarajatlarini qisqartirish zarurligi haqida gapirib o‘tdi.

Markaziy bank tomonidan 2022 yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya darajasi 12−12,5 foiz atrofida bo‘lishi, 2023 yilda esa 8,5−9,5 foizgacha pasayishi prognoz qilindi. Mos ravishda YAIM 5,2−5,8 foiz, 2023 yilda 4,5−5 foiz, 2024 yilda — 5−6 foiz va 2025 yilda — 6−6,5 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar va tashqi sharoitlardagi noaniqliklarni inobatga olib, tayanch ssenariy doirasida 2023 yil uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlari joriy yilgidan biroz sekinlashib, 4,5−5 foizni tashkil etishi mumkin.

«Inflyatsiyani pasaytirish 2023 yilda emas, 2024−2025 yillarda qiyin bo‘ladi. 2023 yilda butun dunyoda yuqori inflyatsiya kuzatiladi. Agar inflyatsiya ikki-uch yil davomida yuqori darajada saqlanib qolsa, uni to‘xtatish juda qiyin bo‘ladi», — deya ogohlantirdi moliya vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori inflyatsiya fiskal tomondan ko‘proq majburiyatlarni keltirib chiqaradi, bu esa davlat budjeti xarajatlarini oshiradi, chunki ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni inflyatsiya va undan yuqori darajada oshirish zarur.

«Davlat budjeti xarajatlarining 50 foizi ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarga yo‘naltirilayotgan O‘zbekiston sharoitida esa bu juda katta yuk. Bizda yuqori inflyatsiya bo‘lsa, bu sizning xarajatlaringizni ham oshiradi. Shu aylanmaning ishtirokchisi o‘laroq, xarajatlarni ko‘paytirishda davom etsangiz, bu inflyatsiyani yanada to‘yintiradi va xarajatlaringizning ortishiga olib keladi», — dedi u.

budjetdagi ulkan ijtimoiy majburiyatlarni hisobga olgan holda, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish muammoli bo‘lib qolmoqda.

«Hukumatdagi hammamiz faqatgina davlat mablag‘lari hisobiga infratuzilmalarni moliyalashtirish mumkin emasligini tushunishimiz kerak bo‘lgan pozitsiyaga qayta va qayta kelyapmiz. Shuning uchun ham davlat-xususiy sheriklik loyihalarini taqdim etuvchi forumlar o‘tkazamiz. Bizda katta loyihalar portfeli bor va ishtirok etish uchun ko‘proq investorlarni jalb qilish niyatidamiz», — dedi Timur Ishmetov.

Moliya vazirining fikricha, hukumat budjet taqchilligini kamaytirishga ko‘proq e’tibor qaratishi, fiskal intizomni ta’minlash va investorlarga bu uning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishini ko‘rsatishi kerak.

«Biz shaxsiy mablag‘larga, davlat-xususiy sheriklik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarga umid qilmoqdamiz. Va o‘z tomonimizdan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab berishimiz kerak. Balki shuning uchundir, moliya vazirining o‘zidan bunday gapni eshitish g‘alati bo‘lar, ammo yaqin qisqa muddatdagi istiqbolda Markaziy bankni qo‘llab-quvvatlash ustuvor bo‘lgan juda qiyin vazifa turibdi. Bizning siyosatimiz, hatto barcha xarajatlarimizni qisqartirishni talab etsa-da, oqilona moliyaviy intizom bilan inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun muvofiqlashtirilishi kerak. [Lekin buning hammasi ijobiy o‘sish uchun xizmat qiladi]», — dedi u.

Aynan shu iqtisodiy forumda Timur Ishmetov hozirda tashqi qarz olish qimmatga tushayotganini ta’kidladi. Shuning uchun O‘zbekiston iqtisodiy siyosatda e’tiborni davlat budjeti va qarz olish imkoniyatlaridan ko‘ra, xususiy pul mablag‘laridan foydalanishni ko‘zda tutuvchi tarkibiy islohotlarga qaratishi kerak.

Birinchi chorakda jahondagi beqaror geosiyosiy vaziyat davlat va xususiy sektor tomonidan qarz mablag‘larini jalb qilishning sekinlashishiga, bu esa tashqi qarzning biroz qisqarishiga olib keldi. Shu bilan birga, hukumat davlat budjeti taqchilligi chegarasini davlat xarajatlari ko‘pligi sababli bajarmadi va deputatlardan limitni oshirishni so‘radi.

Markaziy bank keyingi yillarda YAIMning o‘sishi tarkibiy islohotlarning mantiqiy yakunlanishi, davlatning iqtisodiyotdagi rolining qisqarishi va boshqa omillarga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi. 2023 yildan boshlab davlat moliyasini tartibga solishni boshlash kerak, dedi regulyator, chunki yuqori budjet taqchilligi tufayli inflyatsiya prognozlardan yuqori darajada shakllanmoqda.