31 oktabr kuni Ukrainaning bir qator viloyatlari energetika tizimi obyektlariga keng miqyosli zarbalar berilishi natijasida butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenko ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Tu-95/Tu-160 strategik aviatsiyasidan foydalangan. «50 dan ortiq X-101 / X-555 raketalari Kaspiy dengizi shimolidan va Volgodonsk-Rostov viloyatidan uchirildi», dedi Kirill Timoshenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari uchirilgan raketalardan 44 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal 10 ta hududda raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan uyushtirilgan hujumlar natijasida 18 ta fuqarolik infratuzilma obyekti zarar ko‘rganini, ularning aksariyati energetika obyekti ekanligini ma’lum qildi. «Ukrainaning yetti viloyatidagi yuzlab aholi punktlari elektr energiyasidan mahrum qilindi», — dedi u.

Kiyev, Zaporoje, Dnepropetrovsk va Xarkov viloyatlarida lokal favqulodda to‘xtashlar davom etmoqda. Ta’mirlash guruhlari to‘liq quvvat bilan ishlamoqda, dedi hukumat rahbari.

Kiyev meri Vitaliy Klichkoning aytishicha, poytaxtda 350 mingga yaqin xonadonni ta’minlagan elektr inshooti shikastlangan. Xuddi shu sababga ko‘ra, Kiyevdagi iste’molchilarning 80 foizi suv ta’minotisiz qolgan.

Xarkov meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, zarbalardan biri muhim infratuzilma obyektiga urilgan, buning natijasida shahar metrosi va yer usti elektr transporti «quvvatsizlangan». U shaharda suv ta’minotida muammolar mavjudligini qo‘shimcha qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi «Ukrainaning harbiy qo‘mondonlik va energetika tizimlariga uzoq masofali aniq boshqariladigan havo va dengiz qurollari bilan zarbalar berishda» davom etayotganini bildirdi. «Zarbalardan ko‘zlangan maqsadlarga erishildi. Barcha belgilangan obyektlarga zarba berildi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina energetika obyektlariga 10 oktabr kuni, Rossiya Qrim ko‘prigidagi portlashlarga Ukraina maxsus xizmatlarini ayblaganidan keyin ham ommaviy zarbalar berilgan edi. O‘shanda Rossiya prezidenti Vladimir Putin: «Bizning hududlarda teraktlarni amalga oshirishga urinishlar davom etgan taqdirda, Rossiya tomonidan qattiq va miqyosi Rossiya Federatsiyasiga yaratiladigan tahdid darajasiga mos bo‘lgan javoblar qaytariladi», — degan edi.

29 oktabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi o‘sha kuni ertalab «Kiyev rejimi» Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasida «Qora dengiz floti kemalari va fuqarolik kemalariga terrorchilik hujumi» uyushtirganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qaytarilgan, uchuvchisiz uchish apparatlari va dengizdagi uchuvchisiz transport vositalari yo‘q qilingan. «Shu bilan birga, „Ivan Golubets“ dengiz minalaridan tozalovchi kema hamda Janubiy ko‘rfazidagi suzuvchi to‘siqlar kichik zarar ko‘rdi», — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Ushbu hodisa ortidan Rossiya g‘alla bitimi — Turkiya va BMT ishtirokida tuzilgan Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvda ishtirok etishni noma’lum muddatga to‘xtatganini e’lon qildi.