O‘zbekistonda 1 oktabr holatiga doimiy aholi soni 549,7 ming kishiga yoki 1,6% ga ko‘payib, 35 821 ming kishini tashkil etib. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida aks etgan.

Jumladan, shahar aholisi soni 18 234,7 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,9%), qishloq aholisi soni 17 586,3 ming kishi (49,1%)ni tashkil etdi.

Statistika 1 oktabr holatiga ko‘ra, respublika doimiy aholisi sonining 31,7% i mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 57,0% i mehnatga layoqatli yoshdagilar va 11,3% i mehnatga layoqatli yoshdan kattalar ekanini ko‘rsatmoqda.

Aholi zichligi

1 oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 79,8 kishi to‘g‘ri kelgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 1,7 kishiga ortgan (2021 yilda 1 kv.kmga 78,1 kishi). Hududlar bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida 6549,4 kishi, Andijon viloyatida 768,4 kishi, Farg‘ona viloyatida 584,9 kishi, Namangan viloyatida 400,4 kishi, Samarqand viloyatida 244,2 kishini tashkil etgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyati 9,5 kishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 11,8 kishi, Buxoro viloyatida 49,7 kishi, Jizzax viloyatida 69,1 kishi, Qashqadaryo viloyatida 121,2 kishini tashkil etgan.

Tug‘ilishlar

Yanvar-sentabr oylarida 681,8 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 25,6 promilleni tashkil etdi hamda bu ko‘rsatkich 2021- yilga nisbatan 0,2 promillega kamayganligi kuzatildi (2021 yilda 25,8 promilleni tashkil etgan). Tug‘ilishlarning eng ko‘p soni yoz oylariga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘lim holati

O‘tgan 9 oy ichida vafot etganlar 130,4 ming kishini tashkil etib, ularning eng ko‘pi Samarqandda qayd etilgan.

O‘lim holatining 56,8% i — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8,2% i — o‘simtalardan, 9,8% i — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 5,6% i — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,0% i — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 1,5% i — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 14,1% i boshqa kasalliklardan vafot etganlardir.

Nikoh va ajralishlar soni

Mos ravishda 9 oylik davomida 197 mingta nikoh qayd etilgan va ularning eng ko‘pi Samarqand hisobiga to‘g‘ri keladi. Ajralishlar bo‘yicha Toshkent shahri yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Shunga qaramasdan ajralishlar o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 20,1 foizga kamaygan.

Migratsiya

Doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelganlar jami soni 166 909 kishini, shu jumladan respublikaning boshqa hududlaridan ko‘chib kelganlar 165 420 kishini, xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlar 1489 kishini tashkil etdi. Doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketganlar soni jami 168 571 kishini, shu jumladan respublikaning boshqa hududlariga ko‘chib ketganlar 165 420 kishini, xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlar 3 151 kishini tashkil etib, migratsiya saldosi minus 1 662 kishini tashkil etdi.

Xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Qozog‘iston Respublikasi (jami xorijdan ko‘chib kelganlarga nisbatan (35,2%), Rossiya Federatsiyasi (31,9%), Tojikiston Respublikasi (7,3%), Qirg‘iz Respublikasi (4,8%), Turkmaniston Respublikasi (1,3%) va boshqa mamlakatlar (19,5%) hissasiga to‘g‘ri kelgan.