Namangan viloyati hokimining xizmat avtomashinasi Uychi tumanida piyodani urib ketgani haqida Kompromatuzb Telegram kanalida xabar tarqaldi. Bunga viloyat hokimligm munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, voqea 7 oktabr kuni soat 12:50lar atrofida sodir bo‘lgan. Namangan viloyati hokimligi tasarrufidagi (davlat raqami 50 010 DAV) Toyota Land Cruiser rusumli avtomobili Namangan-Uychi-Uchqo‘rg‘on yo‘lining 8-kilometrida yo‘lni kesib o‘tayotgan 2017 yilda tug‘ilgan fuqaroni turtib yuborgan.

Piyoda zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. To‘liq tibbiy tekshiruv o‘tkazilgani, jiddiy shikastlanish aniqlanmagani, faqatgina yuz sohasida shilinish bo‘lgani, tez tibbiy yordam ko‘rsatilgani aytilmoqda. Qo‘shimcha davolanish talab etilmaydi, deyiladi hokimlik xabarida.

«Hozirda piyodaning ahvoli yaxshi va o‘zining uyida odatdagi hayotiy faoliyatini davom ettirmoqda. Yo‘l transport hodisasi bo‘yicha barcha xujjatlar IIB tomonidan rasmiylashtirilgan», — deyiladi xabarda.