«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib bormoqda. Abduqahhor Ibrohimovning 1992 yilda aytgan gaplari oradan 30 yil o‘tsada hanuz o‘zining dolzarbligini yo‘qotmagan.

Muddat tugaydi, lekin vazifa to‘la bajarildimi — hamma gap shunda

Istiqlol uchun kurash o‘zbek (turkiy) tilining qadrini oshirish va qaddini tiklash uchun kurashdan boshlandi. Mana, jumhuriyatimizda mustaqillik o‘rnatilganiga o‘n to‘rt oy bo‘lib qoldi.

Demak, til uchun endigi kurash boshqacha bo‘lishi kerak. Chunki, mustamlaka sharoitida til uchun kurash ham tashqi muxoliflarga — markazdagilarga, ham ichki muxoliflarga — o‘zimizdan chiqqan «ikkitilchilarga», shovinistlarga, ona tilini unutganlarga, loqaydlarga, befarqlarga, beg‘amlarga va shu kabilarga qarshi olib borilardi. Endi mustaqillik sharoitida, markazning o‘zi tarqab ketgan bir sharoitda tashqi muxoliflar qolmadi hisob, biroq ichki muxoliflar ongida o‘zgarish sezilarli darajada emas: davlat tili haqida qonunni bajara borib, uni o‘rganganlar juda oz, mustamlakachilik illati bilan og‘rigan kalondimog‘ shovinistlar hamon pinaklarini buzishmaydi, qoidamizni tan olishni istamaydi ham. Bunga o‘zimiz ham aybdormiz, qonun dini, millati, dunyoqarashidan qat’i nazar barcha fuqaro uchun baravar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi chiqargan va chiqaradigan har bir qonun va qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzo qo‘yadigan har bir qonun, farmon va qaror barcha uchun baravar, ular o‘zbek fuqarolariga qanchalik daxldor bo‘lsa, jumhuriyatda yashovchi rus, ukrain, qozoq va boshqa millatlarga mansub hamma fuqarolarga ham shunchalik taalluqlidir. Chunki jumhuriyatimiz barcha fuqarolarining teng huquqliligini kafolatlaydi. Tenghuquqlilik esa o‘z navbatida jumhuriyatning o‘zbek millatiga mansub fuqarosiga ham, rus millatiga mansub fuqarosiga ham bir xil mas’uliyat yuklaydi. Fuqaro uchun qonun, farmon, qarorlarni bajarish zimmasidagi birinchi mas’uliyatdir. O‘zbekiston barcha fuqarolariga birdek vatandir. Vatanni sevmoq, e’zozlamoq, qonun-qoidalarini muqaddas deb bilmoq har bir fuqaro uchun millatidan qat’i nazar ham qarz, ham farzdir.

«O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqida»gi qonun bajarilishi jihatidan 5 bosqichli edi: 30 ta moddaning 23 tasi qonun qabul qilingan kun — 1989 yilning 21 oktabridan, 22-modda 1991 yilning 1 yanvaridan, 16-moddasi 1991 yilning 1 sentabridan kuchga kirib bo‘lgan. 5- va 24-moddalarning to‘la kuchga kirib bo‘lish muddati yana bir necha kundan keyin — shu yilning 21 oktabrida tugaydi. Muddat tugab bo‘ladi, lekin qonun to‘la bajarildimi — hamma gap ana shunda…

Qonunning 4-, 7- va 8-moddalari 8 yil davomida kuchga kira borishi belgilangan edi. Mustamlakachilik sharoitida sobiq markaz tazyiqi ostida bunday uzoq muddat belgilangan edi. Endi davr o‘zgardi, erkin zamon keldi, istiqlol qo‘lga kiritildi, o‘sha moddalarda tilga olingan «Umumittifoq tasarrufidagi korxonalar» allaqachon mustaqil jumhuriyatimiz ixtiyoriga olindi.

Shunday qilib, o‘z paytida progressiv hisoblangan «O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqida»gi qonun endilikda ma’naviy jihatdan ham, huquqiy jihatdan ham eskirdi, amaliy jihatdan esa ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotga, til ravnaqiga to‘siq bo‘lib borayotir. Shu hollarni hisobga olsak, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdagi sessiyalaridan birida Davlat tili haqidagi qonun ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz.

Xullas kalom, o‘zbek (turkiy) tilimizning qaddini qonuniy o‘rniga ko‘tarish va qadrini esa davlatimiz obro‘yi darajasiga yetkazish uchun ichki muxoliflarga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish lozim. To‘g‘ri, ichki muxoliflar doirasi tobora torayib bormoqda. Masalan, «ikkitilchilar» ikki tillikni targ‘ib etuvchi loyihalar e’lon qilishni bas etdilar, pusib qoldilar. Biroq baribir, ichki muxoliflar bilan kurashish og‘ir va uzoq kechsa kerak, chunki ular o‘z odamlarimiz, biroq ularda kosmopolitizm ruhi kuchli, qon-qonlariga singib ketgan. Ularga qaraganda farzandlari ertaroq milliylashsalar ajab emas.

Ichki muxoliflarga qarshi kurash asosan tushuntirish yo‘li bilan olib borilishini maqbul deb bilamiz. Bunda eng ta’sirchan usul davlatimiz hududida barcha tashkilotlaru, muassasalarda, korxonalaru jamoat joylarida, hamma bilan davlat tilida so‘zlashishdir. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganidan keyin ham o‘zbek tili davlat tili maqomiga to‘la erisha olmayotganiga asosan o‘zimiz — hammamiz aybdormiz. Mutlaq ko‘pchiligimiz ovrupolikni ko‘rdikmi, O‘zbekiston hududida ekanimizni unutib yuborib, darhol o‘rischa muloqotga kirishib ketamiz. Boshqa mamlakatlarda, shu jumladan, Rossiyada siz kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, o‘rischa savol beradilar, javobni ham o‘rischa oladilar. O‘zbekistondagi ko‘pchilik yevropaliklar bu yerda ham shu odatga amal qiladilar, O‘zbekistonda yashayotganlarini hamon tan olgilari kelmaydi. Ular tan olgilari kelmasa, olmasinlar-da o‘zimiz o‘z qadrimizga yetaylik, qonun doirasida Davlat tili qonuniga rioya etaylik. Shu davlatda yashab turib uning qonunlariga rioya qilish ham fuqarolik mas’uliyati, ham insoniylik burchidir. Men bir fuqaro va adib sifatida barcha o‘zbekistonliklarni millatlari, din va dunyoqarashlaridan tashqari davlat, jamoat ishlarida davlat tilini qo‘llashlarini taklif etaman, o‘zaro va oilada kim qaysi tilda so‘zlasa, uning shaxsiy ishi.

Endi ikkinchi masalaga o‘taman. Bu esa tilimizga shundan kelib chiqib jumhuriyatimizga o‘zining asli nomlarini qaytarib berish masalasidir.

Bugungi O‘zbekistonning hududi qadimgi Turonning madaniy markazi — yuragini ishg‘ol qilgani, bu muqaddas zamin azaldan Turkiston deb kelingani sababli jumhuriyatimiz Turkiston Jumhuriyati deb qayta nomlanishi — asli nomini olishi zarur. Amir Temurdan tortib Alisher Navoiygacha, Avloniydan tortib Ayniygacha yurtimizni Turkiston deb ataganlar. Tilimiz esa barcha mumtoz mualliflar tomonidan turkiy deyilgan. Kimki bunga ishonmasa, istagan qo‘lyozma asarni varaqlasin…

Uchinchi masala — bu lisoniy muhit masalasidir. Tilimiz davlat tili maqomiga to‘la va o‘z vaqtida ega bo‘lishi ko‘p jihatdan shu muhitga bog‘liq. Axir til qo‘llanilishi uchun unda gaplashuvchilar, uni ona tilim deb biluvchilar bo‘lishi, bo‘lganda ham kamida muayyan mahalla, shahar, tumanlar aholisining 75 foizini tashkil etishi zarur ekan. Aks holda til haqidagi har qanday adolatli qonun askarsiz amirdek beta’sir bo‘lib qolaveradi. Masalan, Davlat tili haqidagi qonun Toshkent yoki Chirchiqda juda sust bajarilayotgani bu shaharlarda o‘zbek lisoniy muhiti yetishmasligidir. Bu haqda ilgarigi maqolalarimda ham to‘xtalgandim. Yana so‘z ochishimga sabab shuki, bir davlat hududida ikkinchi bir davlatning xalqi to‘planib qolishi maqbul emas ekan. Boltiq bo‘yi, Dnestrbo‘yi, Qorabog‘, Abxaziya, Tojikiston fojialaridan kelib chiqib shu mulohazani aytmoqdaman.

Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati oqibatida XVIII asrning to‘rtinchi choragida Qrim xonligi zabt etilib, 2 millionga yaqin qrim xalqi Turkiyaga bosh olib ketgani va Sovet hokimiyati yillaridagi qatag‘onlar, ko‘chirib yuborishlar tufayli hozir bu diyor aholisining atigi 5 foizi qrim xalqidir. Yaqinginada Estoniyada o‘tkazilgan prezident saylovida 38 foiz aholining vakillari qatnashish huquqiga ega bo‘lolmadi, chunki ular 1940 yildan keyin, mustamlakachilik davrida bu o‘lkaga ko‘chib borib qolgan aholi va ularning avlodlari ekan. Demak, tarki vatan aylashda ham uzoqni o‘ylab ish tutish, farzandlar taqdirini o‘ylab ish tutish kerak ekan. Dnestrbo‘yidagi janjallar Moldova davlatining bu hududida moldovan tilini davlat tili maqomiga qarshilikdan boshlanib ketdi. Ma’lumki, Chor Rossiyasi Kavkazni zabt etganida abxaz xalqi qul bo‘lishni sira istamagan. O‘tgan asrda 100 mingdan ortiq abxaz kazak askarlaridan jon saqlab qolish uchun Turkiyaga bosh olib ketishga majbur bo‘lgan. Abxazlardan xoli bo‘lib qolgan qishloqlarga chor hukumati gruzinlarning ko‘chib kelishiga bosh bo‘lgan. Natijada bugungi kunga kelib hozirgi Abxaziya hududida yashovchi aholining 17 foizi tubjoy xalq — abxazlar, qolgani gruzinlar va boshqalardir. Amalda abxazlar o‘zlarining tarixiy va birdan-bir mamlakatida mayda millat darajasiga tushib qolishgan. Bu holni o‘z vatanida mayda millat darajasiga tushib qolgan, ayniqsa, kam sonli xalqning vakiligina to‘la va teran tushunishi mumkindir. Chunki tanasi boshqa dard bilmaydi. Qissadan hissa shuki, yurtimizning har bir go‘shasida ham jumhuriyatda asosiy millat bo‘lmish o‘zbeklar aholining 75 foizini tashkil etishiga erisha borish kerak. Chunki respublika nufusining shuncha foizini o‘zbeklar tashkil etadilar, boshqa el va elat vakillarining bir joyga g‘uj bo‘lib olishi bir kunmas bir kun ayrim g‘alamislarning ig‘volari, qutqulari tufayli yomon oqibatlarga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Masalan, bu o‘rinda men (ilgari ham aytganimdek) Toshkent yoki Chirchiq, Samarqand yoki Zarafshon, Farg‘ona yoki Olmaliq shaharlaridagi korxonalarda bo‘shab qoladigan va yangi ish o‘rinlariga qishloqlarimizda beish yurgan yoshlarni jalb etishni, ularga kasb-hunar o‘rgatishni maqbul yo‘l deb bilaman. Xullas, bashorat qilishga o‘rganaylik, uzoqni ko‘zlab ish tutaylik. Mustaqillik degani — bu o‘zing uchun qayg‘ur, mustaqil fikrla degani hamdir.

Bu dunyo bir necha dunyolardan iborat. Har bir yirik xalqning o‘z dunyosi bor. Arab dunyosi, ingliz dunyosi, ispan dunyosi, slavyan dunyosi bo‘lganidek, turk dunyosi ham azaldan mavjud: Rumodan Yoqutistongacha, Qozondan Kushkagacha — juda ulkan hududda turk eli yashaydi. Biroq turk dunyosi boshqa dunyolarga qaraganda juda tarqoq. Bunga Turkiyada bo‘lak turk davlatlari uzoq yillar davomida arosatga tushib qolgani va hamon kattagina turk zamini mustamlaka holatida ekani ham sababdir. Biroq o‘tgan yili Turkiston jumhuriyatlari va Ozarbayjon istiqlolni qo‘lga kiritgani va boshqa turk ellarida ham milliy uyg‘onish boshlangani kishini quvontiradi. Jahon taraqqiyoti yaqin kelajakda Yer yuzida mustamlakalar va tutqun xalqlar qolmasligini ko‘rsatmoqda. Milliy uyg‘onish sur’atlari juda tez. Bundan 50 yil avval arab dunyosining asosiy qismi asoratda edi. Bugun arab dunyosi deyarli hur!

Turk dunyosidagi tarqoqlikka chek qo‘yishda matbuot, radio va oyinai jahonning o‘rni kattadir. Ayniqsa, butun turk dunyosi uchun yagona yozuv qabul qilinsa, o‘zaro yaqinlashish kuchayishi juda tezlashib ketishi turgan gap. Yozuv bu xalqni mustahkam bog‘lab turuvchi ma’naviy kamardir. Yozuvga ishi tushmagan, kunda yozmagan, o‘qimagan odam yo‘q. O‘zi istamagan holda ham yozuvga ko‘zi tushishi tabiiy holdir.

Shuni unutmaslik kerakki, kirill harfiga o‘tish tufayli ko‘rilgan ma’naviy zarardan ko‘ra sobiq SSR hududida yashovchi turk xalqlarining har biri uchun alohida-alohida alifbolar joriy etilgani ko‘proq zarar keltirdi. Agar bu hududda yashovchi barcha turk xalqlari uchun yagona nusxa kirill alifbosi qabul qilinganida turk millati bu qadar parokandalikka uchramagan, uning tushungan vakilidan «kimsan» deb so‘raganda hozirgidek «o‘zbekman», «qozoqman» demasdan, sira ikkilanmay «turk bo‘laman» derdi, deb o‘ylayman. Birgina kirillitsadan yigirmadan ortiq «kirillitsacha» yasab, turk xalqini bo‘lib tashladilar.

Ma’lumki, hozir lotin yoki arab yozuviga qaytish xususida gap ketyapti. Qaysi biriga o‘tishini kelajakning o‘zi ko‘rsatadi. Lekin qaysi biriga o‘tishimizdan qat’iy nazar barcha turk xalqlari uchun (shu jumladan, turkiyalik turklar uchun ham) yagona turk yozuvi joriy etilishi shart. Hozir, masalan, o‘zbek yozuvi ham, qozoq yozuvi ham kirillitsaga asoslangan bo‘lsa-da, uch-to‘rtta «yot» harf kiritilganda (markaz tomonidan atayin shunday qilingan), bu yozuvlar o‘rtasiga to‘siq qo‘yib qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek alifbosi, qozoq alifbosi, qirg‘iz alifbosi va shu kabilar «yaratilgan». Natijada, toshkentlik gazetxon Olmaotada chiqqan gazetni o‘qiy olmaydi va aksincha ham xuddi shunday. Taklif qilardikki, yana yagona bir arab yoki lotin yozuvlaridan o‘nlab turkiy «yozuvcha»lar yaratmaylik. Barcha turk qardoshlar o‘zaro kelishib, yagona yozuvni yoqlab chiqaylik va qabul etaylik. Ana shundan keyin haqiqiy turk dunyosi vujudga kelishi tayin va aniq. Barcha turk o‘lkalari (Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston va boshqalar) hamda hamma turk xalqlari (Gagauz, ko‘ko‘g‘o‘z, bolqor, no‘g‘oy, uyg‘ur va boshqalar)ning vakillari qurultoy o‘tkazib, til va yozuv muammolarini hal etib olishlarini tezkor zamonning o‘zi taqozo qilmoqda.

Bu maqolada so‘nggi so‘zim shuki, O‘zbekiston Respublikasining qayerida o‘zbek (turkiy) tili qo‘llanilmayotgan ekan, o‘sha joyga hali istiqlol yetib bormabdi, deb hisoblayman.

Eng so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Yer yuzida 30 milliondan ortiq o‘zbek (turkiy) tilida so‘zlashuvchi xalq yashaydi va shundan 13 million aholi (o‘z davlatida yashovchi xalq millat deyiladi, o‘zga davlat hududida yashovchi xalq aholi bo‘ladi) hozirgi O‘zbekiston Respublikasi doirasidan tashqarida qo‘shni jumhuriyatlarda Afg‘oniston, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Olmoniya, Rossiya va boshqa joylarda kun kechiradi. Bu hol jumhuriyat hududidan tashqarida yashovchi o‘zbek (turkiy) xalq muammolari va ularni yecha borish xususida O‘zbekiston Respublikasining dasturini tuzib, parlamentda tasdiqlatib olib ishga kirishishni taqozo etadi. Bu ham millatlik burchimizdir. «El» xalqaro o‘zbeklar (turkistonliklar) jamiyatining bir yarim yillik faoliyati — nima ishlar qilindi — xususida keng jamoatchilik ishtirokida davra suhbati o‘tkazilsa yaxshi bo‘lardi. «O‘zbek tili» jamiyati yillik faoliyatidan ham jamoatchilik voqif bo‘lishi lozim. Chunki mazkur muassasalar o‘zbek (turkiy) tilining holati va ravnaqi uchun bevosita va bilvosita mas’uldir.

Abduqahhor Ibrohimov

Ushbu maqola «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1992 yil 16 oktyarbdagi 42-sonidan olindi.