Tarmoqlarda Navoiy viloyatida erkak markaziy poliklinika binosining 3-qavatidan o‘zini tashlagani aytilgan xabarlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 16 oktabr kuni soat 14:10 lar atrofida Navbahor tumanida yashovchi (Karmana tumanida doimiy ro‘yxatda turgan) 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialiga bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, umumiy quvvatsizlik shikoyatlari bilan murojaat qilib kelgan. Bemorning so‘zlariga ko‘ra, unda shifoxonaga kelishidan 30 daqiqa avval ko‘chada tutqanoq xuruji kuzatilgan.

Tekshiruvlar natijasida fuqaro S.S.ga «bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh ensa sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va tutqanoq xuruji» dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Shundan so‘ng, u muassasaning neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilib, belgilangan standartlar bo‘yicha tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilgan va zarur muolajalarni olgan. Shuningdek, bemorda 18 oktabrning birinchi yarmida yuqori diagnostik — MSKT tekshiruvi o‘tkazilib, uning bosh miya sohasida organik o‘zgarishlar aniqlanmagan.

Biroq shu kuni soat 15:00 lar atrofida bemor S.S. 3-qavatdagi 2-palata derazasidan noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zini tashlab, vafot etgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining qayd etishicha, hozirda tergov-tezkor guruhi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilmoqda. Shuningdek, sodir etilgan hodisaning sabablari aniqlanmoqda.