Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish va yangi ishbilarmonlik tashabbuslarini amalga oshirish, Turkiya yetakchi kompaniyalarining mamlakatdagi davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonidagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

Faol gumanitar almashinuvlarni, eng avvalo, madaniyat va ta’lim sohalarida davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Vazirlarning «O‘zbekiston-Turkiya-Ozarbayjon» formatidagi muntazam uchrashuvlari doirasida samarali muloqotini kengaytirishga kelishib olindi, deyiladi matbuot xizmati xabarda.