2023 yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi «Tashabbusli budjet» loyihalariga beriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahallalarni obod qilish va «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina „Tashabbusli budjet“ orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratiladi. Bunda „Tashabbusli budjet“ loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trln so‘mga yetkaziladi», — dedi prezident.

Qolaversa, prezident «Tashabbusli budjet» loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini aytib, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma berdi.

«Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, davlat rahbari mutasaddilar e’tiborini respublika bo‘yicha 1,5 mingta mahalla aholisi birorta loyihaga ovoz bermaganiga qaratdi.

Yaqinda mahallalarda raislar saylovi bo‘lib o‘tgani, yangidan saylangan raislar odamlarga va’dalar bergani, lekin taqdim etilayotgan bu imkoniyatdan foydalanmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. «Mudrab o‘tirgan» raislarni faollikka chaqirish, kerak bo‘lsa o‘qitish kerakligi aytdi.