11 oktabr kuni tonggi soat 05:45 da Qamchiq dovonida “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan VOLVO rusumli yuk mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishdagi ikkita Isuzu`ga urildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, voqea A-373 “Toshkent-O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lining 222,5 kilometrida bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, VOLVO haydovchisi kutilmaganda boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va 5 tonnalik hamda 8 tonnalik Isuzu yuk mashinalari bilan to‘qnashgan. YTH oqibatida 8 tonnalik Isuzu`da yong‘in kelib chiqqan.

Zudlik bilan voqea joyiga FVV ning “Qamchiq” Maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari va YPX xodimlari yetib bordi.

Qutqaruvchilar maxsus asbob-anjomlar va texnikalar yordamida yonayotgan mashinani soat 06:07 da o‘chirishgan. Shuningdek, hodisa oqibatlarini bartaraf etishga Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar ham jalb etilgan.

Qutqaruvchilar voqea joyida jabrlangan 3 nafar yuk mashinalari haydovchisiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga yubordi. Hodisa oqibatida xalok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi xabarda.