«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi.

Atamalarimiz purmazmun bo‘lsin

Ilmiy-texnikaviy matnlarimiz son-sanoqsiz ruscha-baynalmilal istilohlar bilan to‘lib-toshgan. Ularning mazmunni tushunish ko‘p hollarda hatto ma’lumotli ziyolilarga ham nasib etavermaydi. Bu hol zudlik bilan harakat qilib, ahvolni qonun asosida tubdan o‘zgartirishni talab qiladi.

Til haqidagi qonun fan va texnikaga oid barcha o‘zgacha, tilimizga singib ketmagan atamalarning muqobil adashlarini qidirib topishni, muvofiq vositalar topilmagan taqdirda ona tili ichki imkoniyatlari asosida yangi istilohlar yaratishni taqozo etadiki, bu borada yaxshigina tajriba to‘plangan. Ammo mavjud imkoniyatlardan unumli foydalana bilmaslik, ba’zan boshqa tillarda zarurat tufayli paydo bo‘lgan istilohlarning ma’nolarini to‘g‘ri o‘zlashtirib olmasdan turib, ularni o‘zbek tilida noto‘g‘ri sharhlab, mantiqiy zamindan uzoq, jismga monand bo‘lmagan ismlar yaratish kuzatiladi.

Fizikaga oid tarjimaviy, hatto o‘zbek tilida yaratilgan qator darslik va qo‘llanmalarda foydalanilgan istilohlarga nazar tashlar ekanmiz, manzaraning xilma-xilligiga duch kelamiz. Ko‘pchilik atamalar o‘z ma’no va vazifalariga muvofiq tarzda qo‘llansa, ayrimlari matniy vaziyatga hamda asliyat tabiatiga mos kelmaydi. Masalan, ruscha «teplovoye izlucheniye», «teplovoye ravnovesnoye» atamalari o‘zbek tilida «issiqlik nurlanishi», «issiqlik muvozanati» tarzida ishlatiladi. Bu so‘z birikmalari fizika asoslari bilan endi tanishayotgan, masalaning mohiyatiga hali tushunib yetish darajasida bo‘lmagan kitobxon va talabalarda moddaning issiqlikni nurlantirayotgani hamda issiqlikning muvozanatda ekanligi haqida tasavvur hosil qiladi.

Vaholanki, ruscha atamalarning ma’nolari mutlaqo boshqacha: moddaning o‘zi issiqlik nurlantirmaydi, balki modda tarkibidagi zarralarda mavjud bo‘lgan issiqlik harakati quvvatining bir qismi elektromagnit to‘lqin sifatida nurlanadi. Ikkinchi so‘z birikma esa aslida tarkibotni tashkil etuvchi ikki yoki undan ortiq jismlarning har qaysisi boshqa jismlarga uzatgan quvvat miqdoriga teng ekanini anglatadi. Shuningdek, ruscha «vodorodnaya bomba» atamasi o‘zbek tilida odatda «vodorod bombasi» tarzida noto‘g‘ri qo‘llaniladi.

Demak, qayd etilgan ruscha atamalarning o‘zbekcha muqobillari tarkibidagi hodisa yoki predmetlar nomlarini anglatuvchi otlarga egalik qo‘shimchasining qo‘shilishi aksariyat hollarda atamalar ma’nolarining noto‘g‘ri talqiniga olib keladi. Bunday xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zbekcha qo‘shma atamalarni, ruscha muqobillari shakliga ko‘r-ko‘rona yopishib olmaslik kerak. Bunday paytda eslatilgan lisoniy vositalar o‘zbek tilida issiqlik nurlanish, issiqlik muvozanat, vodorod bomba kabi shakllarga ega bo‘ladi.

Tilimizda yangi paydo bo‘lgan tushunchalarni atashda shu tushunchalar tabiatidan kelib chiqish samarali natijalar bergani holda boshqa tillarda mutlaqo o‘zgacha qonuniyatlar asosida vujudga kelgan birliklar shakllariga ko‘r-ko‘rona ergashish yo‘li bilan g‘ayritabiiy, maqsadga nomuvofiq ifodalar yaratish xavfini bartaraf etadi.

Filologiya fanlari doktori Q. Musayev.

O‘zSSJFA fizika-texnika ilmgohi tadqiqotchisi Sh. Ahmadjonov.

Ushbu maqola «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 1990 yil 11 dekabr 283 sonidan olindi.