Sentabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha inflyatsion kutilmalari pasayuvchi dinamikani saqlab qolib, 15,2 foiz atrofida shakllangan bo‘lsa, mediana qiymati 11,8 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning so‘rov natijalari bo‘yicha bergan izohlarida qayd etilgan.

Shuningdek, kelgusi 12 oyda inflyatsiya ko‘rsatkichi joriy darajada yoki undan yuqoriroq bo‘lishini kutayotgan respondentlarning ulushi avvalgi oyga nisbatan 1 foiz bandga qisqargan.

sentabr oyida aholining ko‘pchilik qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12 foiz atrofida bo‘lishini kutishmoqda.

So‘rovnomada qatnashganlar tomonidan kelgusi davrda narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (42 foiz), valyuta kursining qadrsizlanishi (42 foiz) hamda нархларнинг sun’iy oshirilishi (31 foiz) ta’kidlangan.

Shu bilan birga, turar joy hamda ijara to‘lovlarining oshishini ko‘rsatgan aholi vakillarining ulushi o‘tgan oyga nisbatan yuqorilagan (15 foizdan 18 foizgacha).

Biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga kamayib, 13,8 foizgacha pasaydi, mediana qiymati esa 11,3 foizni atrofida shakllandi.

Kelgusi 12 oyda inflyatsiya ko‘rsatkichi joriy darajada yoki undan yuqoriroq bo‘lishini kutayotgan respondentlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan 2 foizga pasayib, 45 foizni tashkil etdi. Ushbu oyda tadbirkorlarning aksariyat qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda.

Shuningdek, sentabr oyida bir yildan so‘ng inflyatsiya 6−8 foiz doirasida bo‘lishini kutayotgan biznes vakillarining ulushi ortib bormoqda.

Tadbirkorlar tomonidan keyingi 12 oyda narxlar oshishiga yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (35 foiz) hamda ish haqi va nafaqalarning oshishi (23 foiz) kabi omillar ta’sir etishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, kelgusida narxlar oshishiga xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi hamda import qilishdagi tarif va notarif cheklovlarning saqlanib qolinishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi pasayishda davom etmoqda.