Hukumatning 3 oktabrdagi «Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarining qishki ta’tilini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga ko‘ra, dekabr oyining oxirgi 10 kunligi va yanvar oyining birinchi 10 kunligi oralig‘ida o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari talaba (o‘quvchi)larining har yilgi 2 haftalik qishki ta’tili o‘tkaziladi. Mazkur tartib nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi.

Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, shu paytga qadar ta’til 1992 yil 22 dekabrdagi prezident farmoni bilan berilgan. 2022 yil 31 avgustda mazkur farmon o‘z kuchini yo‘qotgandan so‘ng, Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan.

Qishki ta’til boshlanishidan 10 kun avvaldan chiptaning to‘liq qiymatidan 50 foizli chegirma asosida respublika ichidagi poyezdlarga (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar va barcha yo‘lovchi poyezdlarning SV, VIP vagonlari bundan mustasno) hamda mahalliy aviareyslarga chiptalarning ekonom sinfi tarifi qiymatidan 50 foizli chegirma asosida sotish tavsiya etiladi.

2022 yildan qishki ta’til davrida o‘quvchi va talabalarning yo‘nalishli shaharlararo avtobus qatnovi orqali harakatlanishi uchun muddatli imtiyozlar to‘plamini (chegirmali chiptalar, aksiyalar) taqdim etish mexanizmi joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021/2022 o‘quv yilida talabalar ob-havo yomonlashgani sabab qishki ta’tilga belgilangan (27 dekabr) sanadan avvalroq — 25 dekabrdan boshlab chiqqan edi.

Keyinchalik OTMlar rahbariyati va professor-o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar o‘tkazilishi munosabati bilan talabalarning ta’tili 24 yanvarga qadar uzaytirildi. Shu bilan birga, qishki ta’til uzaytirilishi sabab OTMlarda o‘quv muddati o‘zgarmasligi ma’lum qilindi.

Fevralning ikkinchi kunida esa koronavirusga qarshi kurashish Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan OTMlarda o‘qish 24 fevralgacha bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkazilishi belgilandi.