Ustoz, murabbiy, o‘qituvchi deya ta’rif etilgan insonlarning mehnati igna bilan quduq qazishga qiyoslanishi bejiz emas. Ular mashaqqatli va sharafli kasbi orqali jamiyatning kelajagi va ishonchi bo‘lgan yosh avlodga ta’lim berib, tarbiyalaydi. Bu esa katta bilim va sabr talab etadi, ularning mehnati esa bir necha o‘n yillab o‘tgach o‘z mevasini bera boshlaydi.

«Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov 1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktab hamda institutdagi o‘qituvchilari bilan suhbatlashib, ular bilan birga tarix zarvaraqlaridan joy olgan kunlarni yodga oldi.

«U doimo sinfdoshlarini birlashtira olardi»

Larina Pak 1949 yili Turkmaniston Respublikasining Toshovuz viloyatidagi Taxta tumanida tug‘ilgan. 1967−1971 yillarda Ukrainadagi Jitomir davlat pedagogika institutida tahsil olgan. 1971 yildan beri Zomin tumanidagi 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili fanidan yosh avlodga saboq berib kelmoqda. 2017 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» unvoni bilan taqdirlangan.


73 yoshli Larina Pakning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev maktab davrida stol tennisiga juda qiziqqan, faol o‘quvchilardan biri bo‘lgan.

«Institutni bitirgach, shu maktabda ishlay boshladim. Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilik yillarida juda faol, harakatchan edi. Doimo sinfdoshlarini birlashtira olardi, hammaga yordam berardi. Agar kimgadir ko‘mak kerakligidan xabar topsa, yordam qo‘lini cho‘zardi. Shuning uchun ham u bir necha yil komsomol yetakchisi bo‘lgan. Shavkat stol tennisini yaxshi ko‘rar, hamisha portfelida tennis raketkasini olib yurardi. Tibbiyot hamda texnologiyalarga ham qiziqishi baland edi. O‘sha vaqtlardayoq kelajakda mazkur ikki sohadan birining boshini tutsa kerak, deb o‘ylardim», — dedi u.


Ta’kidlanishicha, davlat rahbari o‘qigan sinf o‘quvchilari har jabhada ilg‘or hisoblangan.

«Singlim ham Shavkat bilan birga o‘qigan. Sinf a’lochilardan iborat edi, darslarga har safar tayyor holda kelishardi. Doim birinchilar safida turishga intilishgan. Ular sportda ham faol edi. Katta tanaffusda o‘g‘il bolalar va qizlar birgalikda futbol o‘ynashardi. Agar qizlar jamoasi yutsa, bolalar mukofot sifatida ularni tushlik bilan mehmon qilardi (kuladi). Jamoa sifatida sport musobaqalarining viloyat bosqichida qatnashib, tumanimiz sha’nini himoya qilishardi», — dedi Larina Pak.


«Televizorda ko‘rganimda, g‘ururlanaman»

Uning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyev ingliz tili fanidan yaxshi o‘qishga harakat qilgan. Biroq komsomol yetakchisi bo‘lgani tufayli uni tez-tez turli tadbirlarga, hokimiyatga chaqirishgani bois darslarda muntazam ishtirok etolmagan.

«Shunday bo‘lishiga qaramay, vazifalarni vaqtida bajarardi. Mening fanimdan yomon baho olmagan, „4−5“ baholarga o‘qigan. 2017 yili Toshkentda ko‘ksimga unvon taqayotgan vaqtida o‘quvchilik davrlarini eslab, „Larina Mixaylovna, siz har doim ingliz tilidan faqat „5“ ga o‘qish lozim, bu til kelajakda juda kerak bo‘ladi, der edingiz. Afsuski, men ingliz tilidan „5“ bahoga o‘qimasdim va bundan afsusdaman“, dedi. Men esa unga „Axir ingliz tilini bilasan-ku“, desam, „Ha, lekin bundan ham yahshiroq bilishim kerak“, deya javob qaytardi. O‘shandagi xursandchiligimni so‘z bilan ifodalab bera olmayman…», — dedi pedagog.

Shavkat Mirziyoyevning o‘quvchilik yillari.


Larina Pak bugungi kunda ham pedagoglik faoliyatini davom ettirmoqda. U rus tili sinflaridagi o‘quvchilarga ingliz tilidan ta’lim beradi.

«Ko‘p yillar mobaynida bir paytda uchta ta’lim muassasida ishladim. Hozir esa faqat 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabida dars berayapman. 1950 yillarda bu muassasa joylashgan yer cho‘l edi. Shu atrofda aeroport ham bo‘lardi, Toshkentga parvoz qilardi. Keyinchalik Paxtakor tumaniga (Paxtakor aerodromi — tahr.) ko‘chirilgan. Maktab ham o‘sha yillarda qurilgan. Ushbu ta’lim maskani uyimga juda ham yaqin. Yoshlar davrasida bo‘lsam, zerikmayman, ulardan kuch olaman. Tumanimiz va maktabimizdan mamlakat rivojiga hissa qo‘shadigan shaxslar yetishib chiqayotgani biz uchun quvonarli. Birgina misol, Shavkat Mirziyoyevni har safar televizorda ko‘rganimda, g‘urur tuyaman, o‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan faxrlanaman!», — dedi u.


Shavkat Mirziyoyev tahsil olgan 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 2019 yili qayta ta’mirlanib, zamonaviy qiyofaga kirdi.

2020 yili esa mazkur ta’lim maskanida maktab tarixi muzeyi tashkil etildi. Bu yerda muassasa tarixi, o‘qituvchilar faoliyati haqida hikoya qiluvchi ko‘plab fotosuratlar mavjud. Ular orasida Shavkat Mirziyoyevning o‘quvchilik davrida tushgan suratlarini ham uchratish mumkin.

«Zamonga moslashishga majburman»

Asil Kamilov 1942 yil Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilgan. 1964−1969 yillarda hozirgi «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida o‘qigan. 1977−1980 yillar Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti aspiranturasida tahsil olgan. 1969 yildan beri Traktorlar va avtomobillar kafedrasida faoliyat yuritadi. 2017 yili «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘lgan.


53 yildirki, Traktorlar va avtomobillar kafedrasida ishlayotgan Asil Kamilov 80 yoshida ham darslarga tayyorlanib kirishini, zamonga moslashishga majburligini qayd etdi.

«1969 yili mazkur institutni bitirgan bo‘lsam, shuncha vaqtdan beri talabalar bilan birgaman. O‘qituvchi avvalo, kasbini sevishi kerak. Shundagina o‘quvchilariga puxta bilim beradi. O‘z ustida ishlagan va izlangan pedagog shogirdlarini ortidan ergashtira oladi. Bugungi kunda o‘qituvchi faniga oid kitoblarni o‘qishdan tashqari, internet ma’lumotlaridan ham foydalanib, mashg‘ulotlarga tayyor bo‘lib kirishi lozim. Shu yoshimda zamonga moslashishga majburman. 30, 40 yil avvalgi konspektimni ko‘tarib kirsam, talabalar kulishi mumkin. Zamonaviy qurilmalarni unchalik tushunmasam-da, nevaralarim yordami bilan internetdan zarur ma’lumotlarni olaman, yangiliklarni kuzatib boraman. Faqat kitoblar bilan cheklanib qolmaslikka harakat qilaman», — dedi Asil Kamilov.

Shavkat Mirziyoyevning talabalik yillaridan kadr.

Uning aytishicha, prezident talabalik paytlari juda faol va serg‘ayrat yigit bo‘lgan.

«1978−1979 yillarda Shavkat Mirziyoyevning kursiga dars o‘tganman. U institutni bitirganidan so‘ng 10 yil biz bilan birga turli lavozimlarda ishladi, ilmiy ish yozib, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax va Samarqand viloyatlarini boshqardi. Lekin vaqti kelib, prezident bo‘ladi, deb hech o‘ylamaganman», — deydi pedagog.

«Bosh vazirlik davrida ham ko‘chada ko‘rib qolsa, xol-ahvol so‘rardi»

Asil Kamilovning hikoya qilishicha, Shavkat Mirziyoyev hokim va hukumat rahbari bo‘lib ishlagan davrlarida kursdoshlari bilan o‘tkazilgan yubiley uchrashuvlarda har doim qatnashgan, mazkur tadbirlarga institutdagi eng yaqin o‘qituvchilari ham taklif etilgan.


«Bosh vazirlik paytida ko‘cha-ko‘ylarda ko‘rib qolsa ham albatta, yonimga kelardi, xursand bo‘lardim. Bir kuni Yunusoboddagi Uch qahramonda piyoda ketayotsam, ko‘chaning narigi yuzida mashina to‘xtab, ichidan Shavkat Mirziyoyev tushdi va katta yo‘lni kesib, oldimga keldi. Biroz suhbatlashdik, hol-ahvol so‘radi. Oldidagi formali amaldor kishiga qarab, „Hozir sizga yo‘ldagi masjidni ko‘rsatib, shuni orqasida bir ustozim yashaydi, degandim. O‘sha o‘qituvchim mana shu inson bo‘ladi“, dedi. Men esa juda ham faxrlanib ketdim. U paytda hukumatni boshqarardi. 2017 yili o‘zi „Mehnat shuhrati“ ordeniga munosib ko‘rib, ko‘ksimga taqib qo‘ydi. Bu men uchun katta sovg‘a bo‘lgan», — deya esladi pedagog.


Asil Kamilov o‘qituvchilik kasbidan faxrlanishini ta’kidladi.

«Har yili 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kunida sobiq va hozirgi talabalarimdan telefonimga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi, SMS qutlovlar keladi. Kasb bayramini har yili shunday an’ana bilan o‘tkazaman. O‘zbekistonning qayeriga borsam, albatta, biror talabam yo‘qlab keladi. Mana shunday paytlarda kasbni to‘g‘ri tanlaganimdan quvonaman!», — dedi u.

«Oyoqda tik turib, dars o‘tishga harakat qilaman»

Muhayyo Shoumarova 1939 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. 1956−1961 yillarda hozirgi «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetining Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakultetida o‘qigan. 1971 yil nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 2009 yili unga professor ilmiy unvonini qo‘lga kiritgan. 2020 yili «Mehnat shuhrati» ordeniga munosib ko‘rilgan.

Professor Muhayyo Shoumarova nima uchun aynan texnika bo‘yicha mutaxassis bo‘lgani haqida gapirarkan, dadasi bir umr haydovchilik qilgani va oilaviy muhit sabab shu sohani tanlaganini aytdi.


«Otam mashinasini tuzatayotganida har doim atrofida o‘ralashib yurardim. Maktabda mehnat fanidan traktor haydardik. Texnikumda ham o‘qituvchimiz Sirojiddinov ko‘magida traktorni yoyib, qaytadan yig‘ib chiqardik. Amaliyot darslari qiziqarli kechardi. Mana shunday muhit tufayli texnika sohasi bo‘yicha o‘qidim. 1961 yili ushbu institutning Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakultetini tamomlagach, bir necha yil shu yerda o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Keyinroq ilmiy ish bilan shug‘ullanish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Mexanika institutida taniqli olimlar qo‘l ostida injener, kichik va katta ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritdim. Bu vaqt oralig‘ida dissertatsiya himoya qilib, texnika fanlari nomzodi bo‘ldim», — dedi u.


49 yillik tajribaga ega professorning qayd etishicha, u haligacha har bir darsga alohida tayyorlanadi.

«Agar o‘qituvchi dars berishda faol bo‘lmasa, o‘quvchilarda qiziqish uyg‘ota olmaydi, o‘zidagi bilimlarni ularga yetkazib berolmaydi. Hozirgi kunda institutimizga chet eldan ko‘plab zamonaviy texnikalar kelyapti. Ularni nafaqat tuzilishi, qanday sozlanishi, balki nazariy tomonlama ham talabalarga puxta tushuntiramiz. Chunki biz qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash bo‘yicha kadrlar yetishtiramiz. Oliy o‘quv yurtini bitirganlar mashinalarni yaxshi ishlata bilishi, tushunishi kerak», — dedi Muhayyo Shoumarova.

«O‘ziga nisbatan tartibli talaba edi»

Uning eslashicha, Shavkat Mirziyoyev nafaqat faolligi, balki tashqi ko‘rinishi bilan ham kursdoshlaridan ajralib turgan.

Shavkat Mirziyoyevning talabalik yillari.

«1978 yili hozirgi Toshkent traktor zavodida ikkinchi bosqichni tamomlagan talabalarga mashinalar texnologiyasi bo‘yicha amaliyot rahbari bo‘lganman. Yoshlar orasida Shavkat Mirziyoyev ham bor edi. U o‘sha paytda ko‘zimga shunaqa bir yoqimtoy yigit bo‘lib ko‘ringanki, o‘ziga nisbatan e’tiborli va tartibli edi. Kiyinishi, soch turmagi, yurish-turishi, xulq-atvori bilan kursdoshlariga namuna bo‘lgan. Amaliyot davrida juda faol bo‘lishga intilardi. Kursdoshlarini amaliyot jarayonlariga vaqtida borib kelishi, ularni zavodda tartibli yurishi, texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishini nazorat qilardi. Yordamchi sifatida doim bizning yonimizda yurgan. Ana shu yillardan buyon bu kishini juda yaxshi taniyman», — dedi professor.

Foto: Muhayyo Shoumarovaning shaxsiy arxividan.


Muhayyo Shoumarova O‘zbekistonni boshqarish darajasiga yetgan talabasi ustozlarini har doim hurmat qilgani, ularning fikr va takliflarini eshitib, qadrlaganini ta’kidladi.

«Vaqt o‘tib, institutda biz bilan bir safda faoliyat yuritdi, ilmiy ish yoqlab, texnika fanlari nomzodi ilmiy unvonini oldi. Ammo uni qachonlardir davlat rahbari lavozimida ishlashini tasavvur ham qilmaganman. Shunday insonga o‘z vaqtida ta’lim berganim va birga ishlaganimdan o‘zimni bahtli his etaman. 2020 yili „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan taqdirlandim. Yuksak mukofotni sobiq o‘quvchimning qo‘lidan olayotganimda, „Opa, bergan ta’lim va tarbiyangizga mingdan-ming rahmat“, deb minnatdorchilik bildirdi. Bundan cheksiz sevindim», — dedi u.