Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda tabiiy gaz tarmog‘idan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Quvasoy shahrida «Q.» MCHJ rahbari Sh. K. tomonidan pishiq g‘isht ishlab chiqarish faoliyati davomida 2,4 mlrd so‘m, Uchko‘prik tumanida «A.I.» MCHJni norasmiy boshqarib kelgan A.E. tomonidan 2 mlrd so‘m hamda Bo‘stonliq tumanida ohak ishlab chiqaruvchi yashirin sexlar tashkil etgan X.N.tomonidan davlat va jamiyat manfaatlariga 582,4 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 28, 185−2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.