21 sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov raisligida respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblarining «keskin va tanqidiy-tahliliy ruhda» yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Yig‘ilishda 2022 yilning o‘tgan davrida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. O‘z vazifasiga vijdonan yondoshmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirishda jiddiy sa’y-harakat qilmagan va imomlik maqomiga munosib bo‘lmagan 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olindi va 1 nafariga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi. Jumladan:

  • Surxondaryo viloyati Termiz tumani bosh imomi Ochilov Yahyo;
  • Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani bosh imomi Mamatqulov Mamayusuf;
  • Andijon viloyati Shahrixon tumani bosh imomi Turg‘unov Izzatulloh;
  • Toshkent shahar Sergeli tumani bosh imomi Axbutayev Eshmurod egallab turgan ushbu lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati So‘x tumani bosh imomi Kamolov Vohidjonga intizomiy chora ko‘rildi.

«Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu yilning 8 oyi davomida ish faoliyatdagi xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noibi va 2 nafar viloyat muhtasib vazifasidan ozod etilgani, shuningdek, 19 nafar imom-xatib va imom noibiga „hayfsan“ intizomiy chorasi berilgani aloihda ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi «Aziz ota» jome masjidi imom noibi ijtimoiy tarmoq orqali «samosud»ni yoqlab chiqish qilgani uchun ishdan olingandi. Musulmonlar idorasi amaldagi qonunlarga zid ravishda zo‘ravonlikka chaqiruvchi bu kabi chiqishlarni qoralagandi.