«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati Yevropa va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan 140 tagacha vagon va poyezdlar xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deya xabar berdi takshilot matbuot xizmati.

Xususan, «respublikaning barcha viloyatlari orqali to‘laqonli temir yo‘l qatnovlarini ta’minlash uchun» 34 ta elektropoyezd, 6 ta dizel poyezdi hamda kamida 100 ta yangi zamonaviy turdagi yo‘lovchi vagonlarni xarid qilish mo‘ljallangan.

Xabarga ko‘ra, shu kunlarda Germaniyaning Berlin shahrida o‘tayotgan «InnoTrans 2022» xalqaro ko‘rgazmasida Fransiyaning «Alstom», Germaniyaning «Siemens», Ispaniyaning «SAF», Shvesariyaning «Stadler», Chexiyaning «Ssoda», Janubiy Koreyaning «Hyundai» kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan xarid bo‘yicha muzokaralar olib borildi.


Eslatib o‘tamiz, prezident 19 sentabr kuni turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi Husnutdin Hosilovni 3 oyda tizimida o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirgandi. «Toshkent — Samarqand» va «Toshkent — Andijon» yo‘nalishlarida temir yo‘l va avia qatnovlar soni va sifati talab darajasida emasligini ta’kidlagandi.

Shuningdek, viloyat markazlaridan Toshkent, Nukus, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlariga avia va temir yo‘l qatnovlarini 2 baravar ko‘paytirish, kamida 500 ta eski tipdagi vagonlarni kelgusi ikki yilda rekonstruksiya qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish borasida mutasaddilarga topshiriqlar bergandi.