Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi Toshkent shahrining Olmazor tumani Sag‘bon 30-berk ko‘chasida joylashgan uylar bo‘yicha fuqarolar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali vujudga kelgan noroziliklar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Tarqalgan videolarda fuqarolar yashab turgan 7 qavatli turar-joy binosiga qurilish kompaniyasi tomonidan qo‘shimcha 8-qavat qurilayotgani va bundan norozi ekanliklari aytilgan. Bu borada tegishli idoralar — tuman hokimligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Bosh prokuraturaga murojaat qilingani, biroq ulardan qurilishning qonuniyligi bo‘yicha bir xil mazmundagi javoblar yo‘llashgani ta’kidlangan.

Qurilish vazirligining holatga izoh berishicha, mazkur obyekt «Qurilishi tugallangan inshootlarni foydalanishga qabul qilish» hujjatiga asosan 2018 yilda Davlat qabul qilish hay’ati dalolatnomasi inspeksiya tomonidan rasmiylashtirilgan va foydalanishga topshirilgan. Inspeksiya ro‘yxatidan o‘tgan qurilish obektlarida tanlash yo‘li bilan qurilish davriyligida qurilish-montaj jarayonini, loyiha hujjatlarini va uning qatnashchilarini ish yuritishini nazorat qiladi.

Shuningdek, «Qurilish tugallangan bino va inshootlarni qabul qilish» normativ hujjatlarning 1−12 bandiga asosan Davlat qabul qilish hay’ati dalolatnomasi rasmiylashtirilgach, hududiy nazorat inspeksiyasining barcha vakolatlari to‘xtatiladi va ko‘p xonadonli imoratlarning kelgusida foydalanilishi bo‘yicha nazorati VMning 2017 yil 2 iyundagi 340-sonli qaroriga asosan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi vakolatiga o‘tadi.

Shunga qaramasdan holatni o‘rganish maqsadida Olmazor tumani qurilish bo‘limi mutaxassislari turar-joy binosini borib ko‘rishdi. Ma’lum bo‘lishicha, «Bauraum group» MCHJ tomonidan turar-joy binosining mansarda [bino chordog‘idagi xona, boloxonaning bir turi] qavat, tom qismiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritilib, qurilish-montaj ishlari olib borilgan.

Hozirda tegishli qaror nizomiga asosan «Bauraum group» MCHJga o‘rnatilgan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.

«Mavjud mansarda qavatning tom qismini dastlabki holatiga qaytarish yuzasidan sud organiga da’vo arizasi kiritiladi. Shuningdek, vakolatli tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar rasmiylashtirilayotganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.