Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 20 sentabr kuni soat 10:30 atrofida qurilish chiqindilarini ortib ketayotgan «HOWO ZZ3» rusumli yuk mashinasi bahorda ochilgan yangi ko‘prik chetiga ag‘darildi.

Mashina ko‘prik to‘sig‘ini buzib, chetida to‘xtab qolgan. Natijada yuklar yerga to‘kilgan.


Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining xabar berishicha, 1975 yilda tug‘ilgan V.A. ko‘prik ustida boshqaruvni yo‘qotgan. U «chap qo‘l tirsak sohasi ezilib yirtilgan jarohati» bilan kasalxonaga olib borilgan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Oradan vaqt o‘tib poytaxt hokimligi matbuot xizmati yo‘l ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli voqea sodir bo‘lgan joy — Qushbegi ko‘prigi aylanma yo‘lining bir qismi (Kichik Halqa avtomobil yo‘li ko‘chasidan Sergeli tomoniga yo‘nalgan qismi) 24 sentabr soat 00:00 ga qadar yopilishini ma’lum qildi.