RIA Novosti nashrining xabar berishicha, 20 sentabr kuni Rossiya Davlat dumasi harbiy xizmatga oid tuzatishlar paketini qabul qildi.

Bu bilan qonunchilikka «safarbarlik», «harbiy holat», «urush davri» va «qurolli mojaro» tushunchalari kiritildi.

Harbiy xizmatga qarshi jinoyatlar nafaqat qurolli to‘qnashuv yoki jangovar harakatlar sharoitida, balki «safarbarlik yoki harbiy holat davrida, urush davrida» ham sodir etilgan bo‘lsa, jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanadi.

Xususan, harbiy buyruqlarni bajarmaslik, harbiy xizmat boshlig‘iga qarshilik ko‘rsatish, xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, dezertirlik, xizmatdan bo‘yin tovlash, xizmat o‘tash qoidalarini buzish, harbiy mol-mulkni yo‘qotish «harbiy holat davrida, urush davrida yoki qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlar olib borilganda sodir etilgan bo‘lsa, javobgarlikka tortish belgilandi.

«Chaqiruv yoki shartnoma bo‘yicha muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchi tomonidan ushbu davr mobaynida safarbarlik yoki harbiy holat, urush yoki qurolli to‘qnashuv sharoitida, shuningdek, harbiy harakatlar olib borishda bir oydan ortiq muddatga uzrli sabablarsiz xizmatga o‘z vaqtida kelmaslik, qismni yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tark etish sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi», — deyiladi o‘zgartirish matnida.

Bundan tashqari, kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tash uchun zaxiradan chaqirilgan shaxslar shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar bilan teng ravishda xizmatga kelmaslik yoki xizmat joyini ruxsatsiz tark etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.

O‘zgartirishlar, shuningdek, o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lganlik uchun — 3 yildan 10 yilgacha, talonchilik uchun esa — 15 yilgacha jinoiy javobgarlikni joriy etadi.

Davlat dumasidan so‘ng o‘zgartirishlar Federatsiya Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu ertaga, 21 sentabrda sodir bo‘lishi mumkin, keyin hujjat imzolash uchun prezidentga yuboriladi.