AQSh Afg‘onistondagi terrorizmga qarshi kurashda yordam evaziga Tojikiston va O‘zbekistonga 50 tagacha harbiy samolyot va vertolyot berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Politico muzokaralardan xabardor ikki manbaga tayanib xabar bermoqda.

AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy hamkorlik doirasida afg‘on hukumatini ko‘p sonli samolyot va vertolyotlar bilan ta’minladi. 2021 yilning avgust oyida Kobul ishg‘ol etilgan kunlari «Tolibon» tomonidan ichida jami 585 nafar qurollangan harbiy xizmatchilar bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgandi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati bir necha bor O‘zbekiston va Tojikistondan ushbu davlatlarga avvalroq olib chiqilgan harbiy samolyotlarni qaytarishni talab qildi. O‘zbekiston rasmiylari Afg‘onistondan mamlakat hududiga kirib kelgan harbiy aviatexnikani «Tolibon»ga qaytarib berishni rejalashtirmayotganligini, chunki ular Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli ekanini xabar bergandi.

«Afg‘oniston-O‘zbekiston munosabatlarining nozikligi va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va harbiy ta’siri tufayli bu masala haqida omma oldida kam gapirildi. Ammo parda ortida AQSh rasmiylari amerikalik harbiylar mavjud bo‘lmagan mintaqada o‘z o‘rnini egallash uchun samolyotlardan tayanch sifatida yashirincha foydalanishga urinmoqda», — deb yozadi Politico nashri Mudofaa vazirligining yuqori martabali mulozimiga tayanib.

Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, AQSh texnikalarni parvozlarda qo‘llash mumkinligiga ishonch hosil qilish uchun baholashni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston va Tojikistonga esa «chegara xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash sohasida munosabatlarni chuqurlashtirish» bo‘yicha norasmiy kelishuv evaziga bir necha texnikalar berilishi mumkin.

Kelishuv razvedka ma’lumotlari almashinuvini kengaytirishdan tortib, Afg‘onistondagi terrorchilik faoliyatini nazorat qilish uchun mintaqaviy tayanch sifatida ushbu mamlakatlarga qo‘shin yoki samolyotlarni joylashtirishgacha bo‘lgan hamma narsani o‘z ichiga olishi mumkin, deb yozadi gazeta. Ikkala davlat ham Afg‘oniston bilan chegaradosh va AQSh harbiylari tayanadigan Yaqin Sharqdagi yuzlab kilometrlik bazalardan ancha yaqinroq.

Ammo hozircha kelishuv O‘zbekiston va Tojikistonning Afg‘onistondagi terrorchilik tarmoqlari haqidagi ma’lumotlariga kirishni o‘z ichiga olishi ehtimoli yuqori, deya qayd etdi Politico.

AQSh Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Rob Lodevikning so‘zlariga ko‘ra, «Mudofaa vazirligi hozirda hech qanday maqsadda AQSh harbiy kuchlarining Markaziy Osiyoda joylashishi yoki doimiy bo‘lishiga intilmayapti».

Qisqa muddatda biror davlat AQShga o‘z hududidan baza qurish uchun foydalanishga ruxsat berishi dargumon, deb yozadi gazeta. O‘zbekistonda esa AQSh bilan bunday kelishuv qonunchilikda ko‘rsatilgan «mamlakat o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirishi mumkin emas» qismini o‘zgartirishni talab qiladi.

Avgust oyida Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov Afg‘onistonlik qo‘mondonlar va harbiy xizmatchilar qochib ketgan paytda O‘zbekiston va Tojikiston hududida qolgan harbiy vertolyot va samolyotlar Ukrainaga o‘tib qolishini xohlamasligi haqida bayonot bergandi.