Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari O‘zbekiston hududlarida AKTning rivojlanganlik holatini baholash maqsadida ITU metodologiyasiga muvofiq AKTning rivojlanish indeksi asosida viloyatlar reytingini tuzdi.

Hisoblash uchun asos sifatida AKTning rivojlanish indeksi (IDI) tanlandi. IDI 3 guruhga ajratilgan (AKTga ulanish imkoniyati, foydalanish darajasi va foydalanish uchun ko‘nikmalar) 11 ko‘rsatkichni jamlagan holda hisoblanadi. Indeks 2015—2021 yillar uchun hisoblangan. Asosiy natijalarga ko‘ra:

  • O‘zbekiston bo‘yicha indeksning o‘rtacha qiymati 2015 yildagi 6,04 dan 2021 yilda 6,96 ga ko‘tarildi.
  • 2021 yilda kuchli uchlikka Toshkent shahri (indeks qiymati 9,28), Navoiy (7,41) va Buxoro (7,06) viloyatlari kirdi.
  • O‘rganish davrida indeksning eng katta o‘sishi Xorazm (+1,20), Qashqadaryo (+1,18), Namangan (+1,15) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+1,12) qayd etildi.

Institut tahlillariga ko‘ra, o‘rganilayotgan davrda O‘zbekistonning barcha hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) indeks mutlaq ko‘rsatkichining o‘sishi kuzatilgan. Toshkent shahri indeksining pasayishi boshqa hududlarga nisbatan dastlabki davrdagi yuqori ko‘rsatkichlar bilan izohlanishi mumkin. Shunga qaramay, Toshkent shahri 2021-yilda ham reyting bo‘yicha sezilarli ustunlikni saqlab qoldi.

Mutaxasssislarning xulosa qilishicha, O‘zbekiston uchun AKTning rivojlanish indeksi sohaning rivojlanishini hududlar bo‘yicha mamlakat ichida baholash va yagona ko‘rsatkich tufayli rivojlanish dinamikasini kuzatish imkonini beradi.

«Raqamlashtirish odamlar va tovarlarning bir joydan ikkinchi joyga yetkazilishi uchun ketadagan xarajatlarni kamaytirishi mumkin. Bu esa ishchilar va korxonalar uchun joylashuvning ahamiyatini kamaytiradi. Natijada, mintaqalardagi texnologik taraqqiyot xizmatlardan foydalanish sifati va imkoniyatlarini yaxshilashi, tadbirkorlik va mahalliy mehnat bozorlarini rivojlantirishi mumkin», — deyiladi xabarda.