Asakabank matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda bank hisob raqamidan 700 ming dollar o‘g‘rilangani haqida tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan munosabat bildirdi.

“Xakerlar salkam 700 000 AQSh dollarini uxlatib ketishibdi. Mijozlar kuyib qolmasa bo‘lgani. Omonatlar yo‘qolib qolmasa kerak a?!” — deyiladi xabarlarning birida.

Bank ushbu hodisa mijozlarining jamg‘armalariga ta’sir qilmasligini va ularning mablag‘lari to‘liq xavfsiz ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, aniqlangan barcha huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha materiallar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, 3−5 sentabr kunlari bir guruh shaxslar InfinBank`dan o‘zlarining jinoiy sheriklarining nomiga ochilgan Visa plastik kartalariga pul o‘tkazib, o‘zlashtirgandi. “Mablag‘larning bir qismi undirildi va qolgan qismini undirish harakatlari amalga oshirilmoqda”, — deya ma’lum qilgandi bank matbuot xizmati.