«El-yurt umidi» jamg‘armasi axborot xizmati 2022 yilgi uchinchi stipendiya tanlovi e’lon qilinganini xabar berdi.

226 o‘ringa mo‘ljallangan tanlovning 34 o‘rni bakalavriat uchun, 95 o‘rni magistratura uchun, 97 o‘rni esa doktorantura uchun ajratiladi.

«El-yurt umidi» jamg‘armasi tanlovida nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi uchun eng ustuvor sohalar, jumladan:

  • kosmik texnologiyalar, nanotexnologiyalar, IT va raqamlashtirish, sun’iy intellekt sohalari;
  • atom va quyosh energetikasi hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning boshqa innovatsion yo‘nalishlari;
  • sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, telemeditsina, virusologiya, mikrobiologiya, immunologiya sohalari;
  • elektroenergetika, neft-gaz, neft-kimyo, kimyo, metallurgiya sohasining ustuvor tarmoqlari;
  • mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, to‘qimachilik va mahsulotlarni standartlashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish kabi muhim mutaxassisliklar bo‘yicha ishtirok etadilar.

Nomzodlarning hujjatlari 2022 yil 20 sentabrdan 20 oktabrga qadar respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyatlar asosida onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi. Saralash bosqichlari 2022 yil 20 oktabrdan 20 noyabrga qadar davom etadi.

Nomzodlar uchun barcha zarur ma’lumotlar jamg‘armaning onlayn hujjat topshirish platformasida batafsil yoritib berilgan.

Tanlovda g‘olib bo‘lgan nomzodlarning xorijiy universitetlarda ta’lim olishlari uchun barcha xarajatlar jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi.

Ma’lumot uchun, 2018 yilda mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi «El-yurt umidi» jamg‘armasi etib qayta tashkil etilgandi. O‘tgan to‘rt yil davomida 1500 nafarga yaqin yoshlar xorijiy davlatlarga o‘qish va malaka oshirishga jo‘natilgan.