Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 16 sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqi chog‘ida Armanistonni harbiy provokatsiyada aybladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil oxirida Qorabog‘ mojarosining hal etilishi mintaqada transport-kommunikatsiya loyihalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Prezident Zangazur yo‘lagi ochilgandan so‘ng mintaqa davlatlarining transport imkoniyatlarini yanada oshirishini va bu yo‘nalish bo‘ylab joylashgan barcha davlatlar uchun foydali bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Zangazur yo‘lagi (Syunik yoki Megxri yo‘lagi) Armanistonning Syunik viloyati (Zangazur) hududidan o‘tadigan taxminan 40 km uzunlikdagi transport yo‘lagi loyihasi bo‘lib, Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari va uning Naxichevan Avtonom Respublikasi eksklavi o‘rtasidagi transport aloqalarini ta’minlashning ehtimoliy vositasi sifatida qaraladi. Bu konsepsiya Ozarbayjon va Turkiya tomonidan Ikkinchi Qorabog‘ urushi tugaganidan beri tobora ko‘proq targ‘ib qilinayotgan bo‘lsa, Armaniston «koridor mantig‘i» uch tomonlama imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish bayonotidan chetga chiqqani va bu tashviqotning bir ko‘rinishi ekanligini ta’kidlab, unga doimiy ravishda e’tiroz bildirmoqda.

Ilhom Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Armanistonga suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olishga asoslangan tinchlik shartnomasining beshta asosiy tamoyilini taqdim etgan.

«Endi biz oldindan shartlarsiz va sun’iy kechikishlarsiz tinchlik bitimi loyihasi ustida ishlashni boshlashimiz kerak. Ammo, afsuski, joriy yilning 13 sentabr kuni Armaniston Ozarbayjon bilan davlat chegarasi hududida keng ko‘lamli harbiy provokatsiyani amalga oshirdi. Ozarbayjon qurolli kuchlari bu provokatsiyani qat’iy to‘xtatdi», — dedi u.

Ozarbayjon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «ushbu provokatsiya ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoniga katta zarba bo‘ladi». Buning uchun barcha mas’uliyatni Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyatiga yukladi.

Prezident «ayrim yetakchi xalqaro tashkilotlarning samarasizligi»dan xavotir bildirdi.

«Shu munosabat bilan, BMT Xavfsizlik kengashining 1993 yilda qabul qilingan Armaniston qurolli kuchlarini Ozarbayjonning bosib olingan hududlaridan olib chiqib ketishni talab qilgan to‘rtta rezolyutsiyasini ta’kidlamoqchiman. Xavfsizlik kengashining ayrim rezolyutsiyalari bir necha kun ichida amalga oshirilsa-da, bizning vaziyatimizga bog‘liq qabul qilingan rezolyutsiyalar 27 yildan beri bajarilmay kelmoqda. Ozarbayjonning o‘zi Qorabog‘ mojarosini harbiy-siyosiy yo‘l bilan hal qildi va Xavfsizlik kengashining yuqorida qayd etilgan rezolyutsiyalari bajarilishini ta’minladi», — dedi u.

Avval xabar berganimizdek, 13 sentabrga o‘tar kechasi Ozarbayjon va Armaniston chegarasida harbiy to‘qnashuv yuz berdi. Tomonlar bir-birini o‘q otishni boshlaganlikda aybladi. Ikki davlat harbiy xizmatchilari orasida qurbonlar bor. Chorshanba kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida sulhga erishilganini olqishladi va siyosiy va diplomatik muzokaralar olib borayotgan tomonlarni vaziyatni normallashtirishga chaqirdi.

Mojarolar fonida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Samarqanddagi SHHT sammitiga tashrifini bekor qildi. Undan oldin u «Armanistonning hududiy yaxlitligini tiklash va Ozarbayjon qurolli kuchlarining olib chiqib ketilishini ta’minlash uchun» yordam so‘rab KXSHTga, jumladan, harbiylarga murojaat qildi. U qurolli hodisa chog‘ida 105 arman harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

14 sentabr kuni parlamentda so‘zlagan Pashinyan Armaniston ushbu respublika qurolli kuchlari Armaniston hududidan, SSSR chegaralari doirasida olib chiqib ketilgan taqdirda Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tan olishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Ozarbayjon: keling, hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olaylik, deydi. Biz bunga rozimiz, tan olamiz deymiz, lekin kuting, masalan, siz Yuqori Shorjada bosib olgan hududlar va hokazo, ular kimning hududiy yaxlitligida joylashgan? Agar Ozarbayjon bu o‘z hududi desa, biz uning hududiy yaxlitligini tan olmaymiz, chunki bu bizning hududimiz, bu bahsli hudud emas», — deya uning so‘zlarini keltiradi «Armenpress».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Ozarbayjon qurolli kuchlari bostirib kirgan Armaniston hududini Ozarbayjon deb tan olmaydi.

«Agar ular ketib, qonuniy chegara bo‘lgan Sovet Ittifoqi chegarasida tursa, uning hududiy yaxlitligini tan olamiz, bo‘lmasa, tan olmaymiz», — dedi u.

Armaniston Ozarbayjon bilan chegaradagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qildi.