15 sentabr kuni Samarqandga SHHT sammitida ishtirok etish uchun Tojikiston yetakchisi Emomali Rahmon ham yetib keldi va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligini yuqori baholab, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Samarqandda ro‘y bergan yangilanishlarni alohida qayd etdi.

Samarqand sammiti yakunlari SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashi va tashkilotning xalqaro nufuzini yuksaltirishi shubhasiz ekani ta’kidlandi.

Prezidentlar ikki tomon o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Davlat rahbarlari mamlakat va butun mintaqa manfaatlariga javob beruvchi loyiha — Yavan GESni barpo etish bo‘yicha ishlar boshlangani muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 16 foizga oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan elektrotexnika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.