Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev parlament deputatlarining mamlakat poytaxti nomini Nursultondan Ostonaga o‘zgartirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu xaqda davlat rahbarining matbuot kotibi Ruslan Jeldibay xabar berdi.

«Ma’lum bo‘lganidek, bir guruh parlament deputatlari Qozog‘iston poytaxtining oldingi — Ostona nomini qaytarish taklifini berdi. Prezident, o‘z navbatida, aholi bilan uchrashuvlar chog‘ida qayta-qayta bildirilgan takliflar, shuningdek, referendum davrida fuqarolarning ko‘plab murojaatlariga tayangan holda olg‘a surilgan ushbu tashabbusdan xabardor», — deya yozib qoldirdi u o‘zining Facebook`dagi sahifasida.

Parlament a’zolarining taklifi prezident roziligi bilan konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan.

Shu bilan birga, Qasim-Jomart Toqayev «Nursulton Nazarboyevning Qozog‘istonning zamonaviy davlatchiligini mustahkamlash va poytaxtning shakllanishidagi hal qiluvchi rolini tarixiy haqiqat deb biladi», dedi uning matbuot kotibi.

«Shuning uchun birinchi prezident nomidagi boshqa obyektlar o‘z nomini saqlab qolishi kerak», — dedi Ruslan Jeldibay.

Kursiv.kz`ning xabar berishicha, 1998 yilga qadar Qozog‘iston poytaxti Oqmo‘la deya nomlangan. Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev mahalliy ijroiya va vakillik organlarining iltimosnomalari hamda Oqmo‘la shahri jamoatchiligining xohish-istaklarini inobatga olgan holda, Davlat onomastika komissiyasi tavsiyasiga binoan, shaharni Ostona deb qayta nomlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Poytaxt uchun bu nom roppa-rosa 20 yil davomida qo‘llanildi. 2019 yil mart oyida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev inauguratsiya marosimida referendumsiz Ostona shahrini respublikaning birinchi prezidenti sharafiga Nur-Sulton deb o‘zgartirishni taklif qilgandi.