Toshkentda tadbirkorlarga ajratilgan yerlardagi 5 ming tup daraxt kesish xavfi ostida turibdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyev Kun.uz nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Chilonzor tumani

8 sentabr kuni Chilonzor va Uchtepa tumanlarida bir-biriga chegaradosh hududda 100 tup daraxt kesilib, quritilgani ma’lum bo‘lgan edi.

Chilonzor tuman prokuraturasi binosi oldida Dream House Stroy kompaniyasiga ajratilgan 0,2 gektar yer maydonidagi 58 tup ko‘p yillik daraxt (yuqoridagi rasm) bir kechada kesilgan. Mazkur fakt yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Keyingi kuni prokuratura quruvchidan qariyb 800 mln so‘mlik zarar undirilgani, shuningdek, uch nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Rasul Kusherbayev avvalroq mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga urinishganidan so‘ng ular himoya ostiga olingan edi.

«Mana bu o‘ralgan joy olib tashlangan edi. Lekin Dream House Stroy bu yerga bir narsa qurmoqchi ekan, ochiqchasiga kelib yana o‘rab olishdi. Fuqarolardan so‘radik, daraxtlarni bir-ikki kunda kesib tashlashdi deyishdi kechasi bilan. Qizig‘i, buning ro‘parasida tuman prokuraturasi joylashgan. Ko‘zining tagida bo‘lyapti bu ish. Ko‘ryapsizmi, markazda shu ish bo‘lyapti. Endi chet joylarda qanaqa ahvol, tasavvur qilsa ham bo‘laveradi», — dedi parlamentariy.

Uning fikricha, yangi rahbariyat kelgani bilan (avvalgisi xuddi shu ko‘chada, bo‘lib ham prokuraturaning ro‘parasida 100 tup daraxtning ildiziga shikast yetkazganidan keyin ishdan bo‘shatilgan edi) Chilonzor tumanida hech narsa o‘zgarmagan, aksincha, bundan ham yomonlashgan.

Kesilgan o‘simliklar o‘rniga yosh daraxtlar ekilgan, biroq ularning kelajakda saqlanib qolishiga hech kim kafolat bera olmaydi, chunki shahar hokimining yer ajratish haqidagi qarori o‘z kuchida qoladi, dedi Rasul Kusherbayev.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, quruvchi uchastkadagi daraxtlarni kesishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida xabardor qilingan va daraxtlarni saqlab qolish to‘g‘risida kafolat xati olingan. 17 fevralda kompaniya daraxtlarni kesish uchun ariza topshirdi, poytaxt Ekologiya boshqarmasi buni rad etdi. Biroq bu ishlab chiquvchini to‘xtata olmadi.

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov (uning jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hibsga olingani va keyinchalik hibsdan ozod etilgani haqida yozgan edik) ekologlar daraxtlarni xatlovdan o‘tkazib, quruvchini daraxtlarni kesishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirganini aytdi. .

«Bundan tashqari, ekologlar ikki-uch marta kelib, vizual nazorat o‘tkazish uchun devorni ochib qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishgan, devor ochib ham qo‘yilgan. Lekin tadbirkor to‘rt tomonini qaytadan o‘rab, hududga kirishni har tomonlama cheklab qo‘ygan va nima qilsa o‘zining hududida, ichkarida qilgan. Unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llaniladi. Bu jazo choralari boshqa tadbirkorlik subyektlariga ham o‘rnak bo‘ladi, degan umiddaman», — dedi u hibsga olinishidan bir kun avval.

Ekologiya partiyasi vakili Ulug‘bek Pirmuhammedovning aytishicha, ushbu uchastka Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2020 yil 3 sentabrdagi qarori bilan ajratilgan.

«Buni [devorlarni] ochtirish ishi bo‘yicha qandaydir normativlar qo‘llanilmasa, ochtirish masalasi muammo bo‘ladi. Aslida shu o‘rab olishining o‘zi ham noqonuniy. Qonunda biror joyda ko‘rsatilmagan obyektning atrofi 6 yoki 7 metr balandlikda o‘rab olinsin, deb. Lekin, baribir, o‘rab olgan-da. Qurilish obyektlarining devorlarini 2 metrdan oshmaydigan qilib normativ ishlab chiqishimiz kerak. O‘shanda ichkaridagi daraxtning holatini bilolamiz», — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Uchtepa tumani

Mazkur tumanda Lutfiy va Katta Xirmontepa ko‘chalari kesishmasida o‘ralgan maydonda 42 tup daraxt qurib qolgan. 2020 yil 21 fevralda (daraxtlarni kesishga moratoriy joriy qilingan davrda) Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan Goroda Stroy 1 ga yer uchastkasini olgan.

8 sentabr kuni uchastkaga tashrif buyurgan Rasul Kusherbayev 42 tup daraxtdan 27 tupi o‘zboshimchalik bilan boshqa joyga ko‘chirilganini yozdi. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 425,1 mln so‘mni tashkil etadi. Ekologiya boshqarmasi tomonidan hujjatlar tayyorlanib, prokuraturaga topshirildi. Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

«Qanday qilib daraxt bor joyni berib yuborgan, men tushunmadim. Sizlar buni ko‘rib shahar hokimiyatiga chiqmaganmisizlar bekor qiling, bu yerda daraxtlar joylashgan deb?» — deb so‘radi deputat. Uchtepa tumani hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Nurali Ismatov yer uchastkasiga egalik huquqini saqlab qo‘yish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror hali chiqmaganligini ko‘rsatdi. To‘siqlarni demontaj qilishga va’da berdi.

Deputat hokimlik daraxtlar borligini bilib turib tadbirkorga qurilish uchun yer ajratib berayotganini qayd etdi.

«Moratoriy ishlayotganiga deyarli uch yil bo‘ldi. Bu yerda esa hokimiyat tomonidan mana bunday qarorlarni chiqarish to‘xtamayapti. Chiqqanlarga nisbatan hech qanday munosabat bo‘lmayapti», — dedi u.

Deputat Ekologiya davlat qo‘mitasi mas’ullariga tayanib, Toshkentda xuddi shunday devorlar bilan o‘rab olingan hududlarda 5 mingga yaqin daraxt yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida ekanini aytdi.

«Buning tagida nima yotibdi? Toshkentda yer tillaga teng, u pul turadi. Kimgadir qaror chiqarib beradi yoki ajratib beradi, u shunchaki bo‘lmaydi. Buning tagida moddiy manfaatdorlik bor. Buni Toshkentda jinni ham biladi. Lekin moratoriy talabi bo‘lyapti, daraxtlarni kesish, o‘zboshimchalik bilan ko‘chirish taqiqlanyapti. Nima qilish kerak? Bu qarorlarning hammasini bekor qilish kerak. U yerda daraxt bor. U yerda davlatning, jamiyatning kelajagi bor. Lekin haligacha bekor qilinmagan. Ko‘ryaptiki hammasi kuchda turibdi. Ko‘ryaptiki, demak, moratoriyga amal qilish rejada yo‘q. Ko‘zdan panada, odamlardan yashirib-yashirib mana shunaqa quritib, kesib tashlab, baribir shu qurilishni qilish maqsadi bor», — dedi deputat.

Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputati Nuriddin Zayniddinovning aytishicha, Goroda Stroy yer uchastkasini olgach, biznes markazi, bolalar maydonchasi va ko‘chma do‘konlar qurishni ma’lum qilgan.

«O‘sha paytda bizga daraxtlar ketmaydi, bittasi ham kesilmaydi, deb va’da berishgan edi. Hozir ko‘rib turibmizki, daraxtlarni ko‘chirish bahonasida daraxtlar nobud qilingan. 50 ga yaqin daraxt yo‘q qilingan. Aholi e’tirozlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Biz haq bo‘lib chiqdik. Tuman hokimligining ham, mas’ullarining ham, Toshkent shahar hokimligi mas’ullarining ham pozitsiyasini tushunaman. Bu yerda park bo‘ladi deb va’da qilingan bir yarim yil avval. O‘rtasiga samolyot qo‘yiladi deyishdi. Keyin yana qandaydir investitsiya loyihalari paydo bo‘ldi, orqasidan Toshkent shahar hokimining qarori kelib chiqyapti. Uning ortidan hudud o‘rab olinyapti. Bir gektardan ortiq katta hudud o‘rab olingan. Va daraxtlar nobun qilinyapti ko‘chirish bahonasida. Hech kim ko‘rmaganmi, hech kim bilmasmidi bu holatni?» — deb so‘radi Nuriddin Zayniddinov.

Nuriddin Zayniddinov faollar bir yarim yildan buyon muammo haqida bong urib kelayotgani, lekin mas’ullar tomonidan chora ko‘rilmaganini ta’kidladi. Deputat hozir bu yerda istirohat bog‘i tashkil etish rejalari e’lon qilinayotganini, biroq bu holatda Toshkent hokimi yer ajratish haqidagi qarorini bekor qilishi kerakligini qayd etdi.

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Dream House Stroy 2017 yil dekabr oyida 10 mln so‘m ustav kapitali bilan Toshkentda ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi — «to‘qimachilik, to‘quvchilik va trikotaj sanoati mashinalarining ulgurji savdosi». Ta’sischisi Kozimjon G‘ulomjon o‘g‘li To‘raboyev (100%), rahbari Svetlana Gennadiyevna Biyunova («Capital qurilish-tamirlash birlashmasi» MCHJ rahbari sifatida ham ko‘rsatilgan).

Goroda Stroy ham 2017 yilning dekabrida 7 mln so‘m ustav kapitali bilan poytaxtda ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi — «bo‘yoqchilik va shisha ishlari». Muassislar Ismoil Ilhamovich Alimov (75%) va Mirjamol Miranvarovich Mirsagatov (25%). Birinchi tadbirkor Master Building Capital, Innovative Labels Group, Roofing System, Umid Capital Business Invest, Perfect Block Stone, Gravel Sand Factory. Global Bum, Ravnaq-Omad-Biznes va X K Mirano-Mebel, ikkinchisi esa Yaks Elit Zuxal, Mastura Build Up va Travellux kompaniyalarida ham ulushlarga ega.