O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHTga sammitida ishtirok etuvchi davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bu xaqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoy

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 14−16 sentabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. Tashrif dasturiga muvofiq Samarqand shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi, deyiladi xabarda.

Har doimgidek, hamkorlikning amaliy jihatlari, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, innovatsiyalar, «yashil» va raqamli iqtisodiyot borasidagi qo‘shma loyihalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalaridagi dasturlarni ilgari surish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin yetakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot va salmoqli kelishuvlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.

XXR raisi Si Szinpin 15−16 sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etadi.

Rossiya

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisining taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin 15−16 sentabr kunlari SHHTning Samarqand shahridagi sammiti doirasida tashrif bilan mamlakatda bo‘ladi.

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining muzokaralari kun tartibidan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Alohida e’tibor sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, hududlar va ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, qo‘shma iqtisodiy loyihalar va gumanitar dasturlarni ilgari surishga qaratiladi.

Shu bilan bir qatorda davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.

Prezident Vladimir Putin, shuningdek, SHHT davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi tadbirlarida ishtirok etadi.

Eron

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy 14−16 sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Eron muzokaralari va tashrif doirasidagi boshqa tadbirlar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ikki mamlakat yetakchilari ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqadilar, savdo, kooperatsiya, innovatsiyalar, transport, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi, deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunida qator qo‘shma hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

15−16 sentabr kunlari Prezident Ibrohim Raisiy SHHTning Samarqand sammiti tadbirlarida ishtirok etadi.

Avvalroq, Samarqandda o‘tadigan SHHT sammitida 30 dan ortiq hujjatni imzolash kutilmoqda, dedi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov. Ular qatoridan Eronni tashkilotga kiritish uchun majburiyatlari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlari a’zoligini kengaytirishga oid hujjatlar o‘rin olgan.