11 sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminalida tutun paydo bo‘ldi. Yo‘lovchilar va xodimlar zudlik bilan evakuatsiya qilindi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Hodisa joyiga Toshkent aeroportining tegishli xizmatlari — aeroport yong‘in-qutqaruv xizmati, parvozlarni elektr-yoritish bilan ta’minlash xizmati va aviatsiya xavfsizligi xizmati navbatchilik brigadalari zudlik bilan yetib kelishdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga birinchi qavat tagidagi transformator podstansiyasida joylashgan uzluksiz elektr ta’minoti manbaidagi (UPS) qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. Qisqa tutashuv oqibatlarini bartaraf etish hamda voqea joyida ishlayotgan xizmatlar xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida aeroport terminalini ma’lum muddatga elektr energiyasidan uzib qo‘yishga qaror qilindi.

«Yerto‘ladan ertalab soat 10:30 atrofida tutun chiqa boshladi. Aeroport xodimlarining tezkorligi va shahardan kelgan o‘t o‘chirish brigadalari ko‘magida yong‘in tezda bartaraf etildi. Soat 10:40da aeroportni vaqtincha elektr ta’minotidan uzishga to‘g‘ri keldi. Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi. Bir qator reyslar kechiktirildi. Hozirda aeroportning tegishli xizmatlari hodisa joyida ishlamoqda va qisqa tutashuv sabablarini bartaraf etmoqda», — deya izoh berdi Uzbekistan Airports Handling direktori Umid Hamrayev.

Hodisa oqibatida Olmaota — KS-128, Nur-Sulton — HY-721 va Moskvaga — SU-1975 uchayotgan reyslar kechiktirildi.

«Aeroport xizmatlari havo bandargohini imkon qadar tezroq ochish uchun bor kuchini sarflamoqda. Xozirgi vaqtga kelib, terminalning katta qismida elektr energiyasi tiklangan. Qayd etish joizki, Toshkent aeroportining uchib kelish zali va mahalliy aviaqatnovlar terminali odatdagi rejimda faoliyat olib bormoqda», — deyiladi xabarda.