O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi qirolichasi Yelizaveta II olamdan o‘tgani munosabati bilan uning o‘g‘li Karl III`ga hamdardlik bildirdi.

«U 70 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi bo‘lib kelgan, Qirollikning global iqtisodiyot va siyosatda yetakchi davlatlardan biriga aylanishiga, uning xalqaro maydondagi obro‘ va e’tiborini har tomonlama oshirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobi edi», deya ta’kidlangan ta’ziyanomada.

Prezident ushbu musibatli damlarda qirolga, oilasining barcha a’zolariga va butun Buyuk Britaniya xalqiga taskin so‘zlarini bildirdi hamda sabr-toqat va bardamlik tiladi, deyiladi xabarda.

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. Mamlakatda 12 kunlik motam e’lon qilindi. Shanba kuni Charlz rasman qirol deb e’lon qilinishi kutilmoqda. Marosim Londondagi Avliyo Jeyms saroyida bo‘lib o‘tadi.