Poytaxtning Chilonzor tumanida Dream House Stroy kompaniyasiga ajratilgan va metal devor bilan o‘rab olingan 0,2 gektar maydonda 58 tup har xil turdagi daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib tashlangani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.

Kesilgan daraxtlar ortidan tabiatga 797,7 mln so‘m zarar yetkazili.

O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, quruvchi tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Hozirda tergov harakatlari ketmoqda.

Yaqinda Chilonzor ko‘chasida 100 dan ortiq daraxt shikastlangani haqida xabar berilgandi. Har ikki voqea tuman prokuraturasi yaqinida sodir etildi. Birinchi holat davlat rahbarigacha yetib borgandi. Prezident topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov ishdan bo‘shatilgandi. Qolaversa, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Misol tariqasida, yanvar o‘rtalarida Andijon viloyati perinatal markazida 12 tup daraxt kesib tashlangani haqida yozgan edik. O‘shanda O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasi «dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, hududdagi daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan. Mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan», — deb ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, 3 ferval kuni Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik. Tadbirkor soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilar bilan kelib, daraxtlar tagini betonlab tashladi. Uning bu harakatlari videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib borib, videoreportaj tayyorladi.

Qolaversa, avgust oyi oxirida esa ekologlar besh yillik rekonstruksiyadan so‘ng, qayta ochilgan Milliy bog‘dagi daraxtlarga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi.