Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Chinoz neftni qayta ishlash zavodi» MCHJ ustav fondidagi 100 foiz davlat aksiya paketlarini sotish rejasi haqida e’lon bergandi.

Tegishli dasturiga muvofiq, zavodni xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasi tanlab olindi.

Saralash natijasida, Mosaic Financial kompaniyaci yetakchi maslahatchisi sifatida tanlangan.

Ma’lumot uchun, Mosaic Financial kompaniyasi mahalliy kapital bozorida investitsiya vositachisi va investitsion aktivlarning ishonchli boshqaruvchisi, shuningdek investitsiya maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, Investitsiya institutlari milliy uyushmasi a’zosi xisoblanadi.

Zavod haqida

«Chinoz neftni qayta ishlash zavodi» MCHJ — asosiy vazifasi neftni qayta ishlab benzin, kerosin, mazut, dizel yoqilg‘isi va moylarga aylantirishni tashkil etishdan iborat. Ushbu sanoat korxonasi yiliga 117 ming tonnadan ziyod uglevodorod xomashyosini qayta ishlash imkonini beruvchi zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.

Korxona 2016 yil 11 avgust kuni faoliyatini boshlagan. Ustav fondi 102 mlrd so‘mni tashkil etadi.