1 sentabr kuni Toshkentda ko‘plab rezonansli sud jarayonlarida ishtirok etgan taniqli advokat Umidbek Davlatov vafot etdi. U 42 yoshda edi, «Gazeta.uz» marhumning hamkasblari hamda ukasi bilan gaplashdi.

Umidbek Davlatov Xorazm viloyatining Xozarasp tumanida tug‘ilgan. Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tamomlagan, so‘ngra Toshkent davlat yuridik universitetida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha tahsil olgan. U advokat kasbini tanlashga qadar sudda kotib sifatida ishlashga ulgurgan.

Huquqshunos bir qancha rezonansli ishlarni himoyachisi bo‘lgan. U sobiq o‘qituvchi va bloger Hayotxon Nasreddinov, bloger Nafosat Ollashukurova (Shabnam Ollashukurova tahallusi ostida yozgan), marhum jurnalist Davlat Nazar (Davlatnazar Ruzmetov), bloger Abdufatto Nuritdinov (Facebook`da Otabek Nuritdinov), bloger Otabek Sattoriy kabilarning huquqlarini himoya qilgan.

Marhumning ukasi Furqat Davlatovning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, 1 sentabr kuni akasi uydan bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib chiqqan va shifoxonaga yo‘l olgan.

«O‘sha kuni u boshi og‘riyotganini aytdi va shifoxonaga yo‘l oldi. Uning qon bosimi — 120 ga 80 edi. Arterial qon bosimi normal holatligi, lekin intrakranial bosim ko‘tarilganini aytishdi. Tez yordam mashinasida unga ukol qilishdi, biroq, bu vaqtda u olamdan ko‘z yumgandi», — deya so‘zlab berdi u.

O‘lim to‘g‘risidagi guvohnomada uning vafotiga yurak ishemik — yurak-qon tomir kasalligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Advokatning qarindoshlari o‘limga aniq nima sabab bo‘lganini bilish uchun sud-tibbiy ekspertizasi javobini kutishmoqda.

Furqat Davlatovning so‘zlariga ko‘ra, aka o‘z kasbi bilan bog‘liq hech qanday tahdid haqida gapirmagan.

Nafosat Ollashukurova va Umidbek Davlatov, 2020 yil, yanvar. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Umidbek Davlatov bilan birga Simay Kom firmasida ishlagan advokat Sergey Mayorovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bir necha yil oldin kaltaklanganidan keyin hamkasbining sog‘lig‘i yomonlashgan.

«U sobiq sportchi edi, kurash bilan shug‘ullangan. U sportchi bo‘lgan vaqtlaridayoq sog‘ligiga ziyon yetkazib qo‘ygandi. To‘rt-besh yil avval uni qattiq kaltaklashgandi. Bu uning kasbi bilan bog‘liq edi. Chilonzorda soliqchini o‘ldirib ketishgan holat sodir bo‘lgandi. Qotillikdan so‘ng soliqchilar barcha aybdorlarni qidira boshlashdi. Va Umidbek bu ishga umuman aloqasi bo‘lmasa-da, o‘sha vaqtda qotil ishlagan kompaniyada faoliyat yuritgani uchun ham kaltak ostida qoldi. U shunaqangi kaltaklangan-diki, uning sog‘lig‘i keskin izdan chiqqandi», — dedi u.

Advokat sog‘ligini tiklash uchun bir-ikki yil shifoxonada yotib chiqqan. Unda qon bosimi va sog‘ligida boshqa muammolar ham bor edi, dedi Sergey Mayorov.

«U 1 sentabr kuni o‘zini yomon his qila boshladi. Zudlik bilan «tez yordam» chaqirib, shifoxonaga olib borishdi va qon bosimidan ukol qilishdi. Menga aytib berishganidek, u o‘z ukasining qo‘lida jon bergan. Uni 16-shahar shifoxonasi (hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi)ga yetkazib borishdi, va u yerdagi «morg»dan uning jasadini olib ketishdi», — dedi u.

Advokat «yetarli darajada ovozali ishlarni ko‘rgani orqasidan kimdir uning o‘limiga qasd qilishi mumkinligi» haqidagi farazni rad etdi.

«U muloqotga tez kirishuvchan, savodli, optimist inson edi. U kelajak uchun katta-katta rejalar tuzgandi, ya’ni u aniq o‘lmoqchi emas edi. Va uning majburiyatlari juda ko‘p edi. Xususan, oilasini qo‘llab-quvvatlashi kerak edi, uning mijozlari juda ko‘p edi, shuning uchun ham shanba va yakshanba kunlari ham ishlashiga to‘g‘ri kelardi. U juda ishchan, mehnatsevar va jasur edi. U o‘zining noroziligini ochiq namoyish etardi. Bu uning o‘ziga xos jihati edi, jumladan, shu bois ham uni ishga taklif qilishardi», — dedi Sergey Mayorov.

Hamkasbining ishi haqida gapirganda, advokat uning ishlarini kuzatmaganini ta’kidladi.

Foto: Umidbek Davlatov / Facebook.

«Gazeta.uz» bilan suhbatda O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov tashkilotda yurist-konsultant Umidbek Davlatov bilan 3−4 yil hamkorlikda ishlaganini aytdi.

«U taniqli blogerlar, fuqarolik jamiyati vakillari, huquq himoyachilarining sud jarayonarida himoya qilish ishida juda jonbozlik ko‘rsatdi. Hamma advokatlar ham bunday ishlarni olavermaydi. Chunki bu kabi jarayonlarning o‘ziga yarasha stresslari va shov-shuvlari bo‘ladi, har doim ommaviy axborot vositalari e’tibor markazida bo‘lasiz», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, Umid Davlatov hamma uchun qulay advokat bo‘lgan. U hech kimga yo‘q, degan javobni berolmagan. Himoyasi ostidagi fuqaroni jon kuydirib himoya qilgan, to‘lov pullariga ham jiddiy qaramagan.

«Umidning oramizdan ketishi juda katta yo‘qotish bo‘ldi. To‘g‘ri ma’noda aytish kerakki, uning o‘rnini bosa oladigan hamkasblari bormi yoki yo‘qmi, bundan keyin fuqarolik jamiyati vakillari va jurnalist, blogerlar ishlari bilan kim shug‘ullanadi, degan savol o‘rtaga chiqyapti. Sababi yuqorida aytganimdek, bunday ishlarni hamma advokat ham olavermaydi va barchasining ham qo‘lidan kelavermaydi. Bir vaqtning o‘zida OAV va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash, diplomatik korpus vakolatxonalariga javob berishni hamma advokat ham uddasidan chiqolmaydi. Biz uchun ajoyib do‘st, tashkilotimizning zabardast vakili oramizdan ketganidan juda qayg‘udamiz», — dedi Abdurahmon Tashanov.