7 sentabr kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Markaziy Osiyo jurnalistlari bilan videoaloqa orqali matbuot anjumani o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekistondan «Gazeta.uz», Kun.uz, Repost.uz va Yep.uz nashrlari vakillari ishtirok etdi.

Suhbat avvalida Dmitriy Kuleba Ukraina doimo Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qat’iy qaror qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi ishlar vaziri etib tayinlanganidan so‘ng Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safar uyushtirishni rejalashtira boshlagan.

«Bundan oldin men faqat shaxsiy maqomda Qozog‘istonda bo‘lganman. Menda Qozog‘iston haqida iliq taassurotlar bor. Doimo O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikistonga tashrif buyurishni, madaniyatingizdan, oshxonangizdan bahramand bo‘lishni, gastrolingiz bilan munosabatlarga yangi ijobiy dinamika berishga harakat qilishni orzu qilardim. Keyin urush boshlandi», — dedi u.

«Urushdan keyin biz aloqalarni avvalgi darajasiga qaytaramiz, odamlar o‘rtasidagi aloqa, talabalar almashinuvi, infratuzilma loyihalari va savdo-sotiqni tiklay olamiz, deb chin dildan umid qilaman. Ya’ni, normal davlatlar tinchlik davrida bir-biriga yordam berish va o‘zaro hurmat hamda milliy manfaatlar tamoyillari asosida birgalikda rivojlanish uchun qiladigan barcha ishni amalga oshira olamiz», — deya ta’kidladi Dmitriy Kuleba.

Quyida vazirning onlayn uchrashuvidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtiboslar keltirilgan.

Urush haqida

Ukrainaga hujum qilib, Rossiya og‘ir jinoyatga qo‘l urdi. O‘ylaymanki, bu urushda rus qurollaridan halok bo‘lgan 382 nafar bolaning o‘ldirilishini hech narsa oqlay olmaydi, degan fikrga qo‘shilasiz. 24 fevraldan beri qanchadan-qancha bolalarimizdan ayrilib qoldik. Bunda hali ham Rossiya o‘z hududiga olib kelgan 1000 nafar ukrainalik yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hisobga olinmagan, [u yerda] ular rus oilalari orasida majburiy ravishda taqsimlanadi.

Ukraina huquq-tartibot idoralari allaqachon bosqin paytida rus qo‘shinlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 32 mingdan ortiq holatini qayd etgan. Va bu raqamlar, afsuski, o‘sishda davom etmoqda.

Yashirmayman, hozir Ukraina uchun juda qiyin. Ammo, asosiysi shundaki, biz birinchi va eng dahshatli zarbaga dosh berdik, bu zarbadan barcha hisob-kitoblarga shu jumladan sheriklarimizning ham, Ukraina yengilishi kerak edi. Ammo Ukraina chidadi, [Rossiya prezidenti Vladimir] Putin muvaffaqiyatsizlikka uchradi va sizni ishontirib aytamanki, u qanchalik xayol qilmasin, Ukraina endi hech qachon parchalanib ketmaydi.

Nega? Chunki butun ukrain xalqi rus bosqinchilariga qarshi kurash uchun ko‘tarildi. Tarixda hech kim xalqqa qarshi urushda g‘alaba qozonmagan. Ukrainaliklar rus tanklaridan qochish o‘rniga harbiy xizmat ko‘rsatuvchi komissiyalarda saf tortdilar. Keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon armiyamiz besh barobardan ko‘proqqa o‘sdi.

Biz allaqachon mamlakat shimolidan bosqinchilarni quvib chiqarishga muvaffaq bo‘ldik, ularni o‘z yurtimizdan boshqa yo‘nalishlarda, birinchi navbatda janub va sharqda quvib chiqarishda davom etmoqdamiz. Hech kim bu oson bo‘ladi demaydi. Har bir qadam katta qiyinchilik bilan bosiladi, lekin biz bu yo‘ldan o‘tamiz.

Muzokaralar va tinchlik haqida bir necha so‘z. Shuni ta’kidlashni istardimki, Ukraina hech qachon urushni xohlamagan. Biz Rossiya televideniyesida nima desa ham, hech kimga hujum qilishni rejalashtirmaganmiz. Nega biz kimgadir hujum qilamiz? Bizga hech qachon begona yer yoki chet el resurslari kerak emas. Bizda hamma narsa bor. Va biz hech qachon, yana hech qachon o‘z yerlarimizni bosqinchilarga bermaymiz va Rossiya armiyasi Ukraina tuprog‘iga olib kelgan qotilliklar, zo‘rlashlar, talon-torojlar, qiynoqlar va boshqa dahshatli jinoyatlarni hech qachon kechirmaymiz.

Men sizni rus manbalaridan olingan ma’lumotlarga tanqidiy munosabatda bo‘lishga chaqiraman. Bugungi kunda Rossiya jinoyatlarda javobgarlikdan xalos bo‘lish uchun o‘z operatsiyalarini yashirishda tashviqotdan foydalanmoqda. Ammo bugun Kremlning tajovuzkor siyosatiga ko‘z yumgan yoki bunga qandaydir asos topa olgan, aslida Rossiyani o‘z uyiga taklif qilgan bo‘ladi. Ishonchim komilki, barcha sinovlarga qaramay, Ukraina bardosh beradi va g‘alaba qozonadi.

Markaziy Osiyo davlatlarining Ukrainadagi harbiy amaliyotlarga munosabati haqida

Nega prezident Putin Markaziy Osiyoda qo‘l berib ko‘rishishda davom etmoqda? Chunki, shubhasiz, sizning rahbarlaringiz, hukumatingiz Rossiya do‘st emas, tahdid ekanligini va u bilan imkon qadar ehtiyotkor bo‘lishingiz kerakligini tushunadi.

U yoki bu davlatga Rossiya bilan munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga ma’naviy haqqim yo‘q. Ammo men mutlaqo xotirjamlik bilan, to‘liq ma’naviy haq bilan aytishim mumkinki, milliy manfaatlaringizni himoya qilish uchun birinchi navbatda Rossiyadan qo‘rqishni bir chetga surib qo‘yishingiz kerak. Biz bu yo‘ldan o‘tdik. Bu juda og‘riqli. Lekin buni hammamiz tushunishimiz kerak.

Umid qilamanki, siz ham buni tushunasiz, Rossiyada davlatingizni yo‘q qilish uchun birinchi imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq, u biznikini yo‘q qilishga uringanidek, bundan foydalanadi. Ular sizni sun’iy shakllangan deya hisoblaydi. Putin Ukraina haqida nima desa, ertaga Qozog‘iston haqida ham gapira boshlashi mumkin — o‘zingiz bilasiz, Rossiya Qozog‘istonda, O‘zbekistonda, Qirg‘izistonda, Tojikistonda qanday jarayonlarni olg‘a surmoqchi ekanini. Moskva hali o‘tib bo‘lmaydigan o‘rmon bo‘lgan vaqtlarida paydo bo‘lgan sizning ming yillik madaniyatga ega, ilm-fan va falsafa markazlari gullab-yashnagan, xalqingiz ular uchun muhim emas. Shunday ekan, Rossiya sizni zaiflashtirmasin va Rossiya sizdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymang.

Sanksiyalar haqida

Biz Rossiya Federatsiyasining boshqa davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari orqali sanksiyalarni chetlab o‘tish mexanizmlarini o‘rnatishga bo‘lgan barcha urinishlarini yaxshi bilamiz. Va biz Rossiya sizdan foydalanmasligi uchun sizlarning hukumatingiz bilan ham mustaqil, ham sheriklar bilan ishlayapmiz, shunda hech qanday holatda siz bu hiyla-nayrangga tushib qolmaysiz.

Chunki Rossiyaga o‘z jinoyatlari uchun joriy qilingan sanksiyalar bosimi mexanizmi yanada kuchayadi. Hozir esa biz nafaqat yangi sanksiyalarni qo‘llashga, balki sanksiyalarni chetlab o‘tish ustidan nazoratni kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Qarang: hatto nufuzli Xitoy kompaniyalari ham Rossiya bilan ishlamayapti, chunki ular sanksiyalar ostida qolishlari va ko‘proq yo‘qotishlari mumkinligini tushunishadi.

Bu borada siz juda ehtiyot bo‘lishingiz va Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishiga yordam berish qanday foyda keltirishidan qat’i nazar, bunday harakatlarga javoban ko‘riladigan choralardan ko‘rilgan yo‘qotishlar ancha yuqori bo‘lishini tushunishingiz kerak. Men hozir sizlardan hech qaysi davlat Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishida yordam beryapti, demayapman… Faqat sizdan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymang.