O‘zbekistonda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishda bir qator qulayliklar yaratildi, deya xabar bermoqda Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.

Fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo‘yicha eksterritorial tamoyil asosida istalgan Davlat xizmatlari markazi yoki ichki ishlar organlariga murojaat qilishi mumkin. Qog‘oz ko‘rinishidagi ariza-anketani to‘ldirish amaliyotidan to‘liq voz kechilib, faqatgina elektron so‘rovnoma to‘ldirish mexanizmi joriy etildi. Xizmat uchun to‘lovni QR-kodni skanerlash orqali amalga oshirish mumkin.

Bundan tashqari, taqdim etilishi lozim bo‘lgan qator ma’lumotnoma qisqartirildi. Xususan, 18−27 yoshdagi harbiy xizmatga majburlar uchun — harbiy guvohnomaning yoki chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasini taqdim etish talabi bekor qilindi.

Voyaga yetmagan shaxslarga pasport olish uchun ota-onalar birgalikda murojaat qilgan hollarda, ulardan notarial tasdiqlangan rozilikni talab qilinmaydi.

Davlat xizmatini ko‘rsatishning tegishli bosqichlari avtomatik ravishda sms-xabar yo‘llash orqali xabardor qilib boriladi. YAIDXP yoki Davlat personallashtirish markazining rasmiy veb-sayti orqali tekshirib olish imkoniyati yaratiladi.

Voyaga yetmagan shaxslarga xorijga chiqish pasporti berishda ushbu voyaga yetmaganning hamrohlik qiluvchisi otasi va (yoki) onasi bo‘lsa, ulardan hamrohlik qiluvchining notarial tasdiqlangan majburiyati talab etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan 1-yanvardan fuqarolarga ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini berish DXM orqali ham amalga oshirilmoqda, qolaversa, pasport uchun to‘lov narxi BHMning 1,2 baravaridan 1 baravarigacha arzonlashtirildi. Bundan tashqari, bosqichma-bosqich 87 turdagi yangi davlat xizmatlari joriy etiladi, 59 ta xizmatning ko‘rsatish muddati esa qisqartirildi.